Kredit olgan shaxs vafot etsa, kredit taqdiri nima boʻladi?
Kredit olgan odam kutilmaganda vafot etsa, uning ortida nafaqat ogʻir yoʻqotish, balki moliyaviy savollar ham qoladi. Eng koʻp uchraydigan savollardan biri “bank oldidagi majburiyatlar taqdiri nima boʻladi?” degan oʻydir. Buning javobi esa bir qator omillarga bogʻliq.

Bugungi kunda koʻpchilik turli ehtiyojlar uchun bank kreditlaridan foydalanadi. Ammo hayot kutilmagan sinovlarga toʻla va afsuski, hech kim ertasidan kafolatlangan emas. Qarz oluvchining toʻsatdan vafot etishi uning yaqinlari uchun nafaqat ogʻir judolik, balki moliyaviy mavhumlikni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Xoʻsh, bunday vaziyatda bank oldidagi majburiyatlar nima boʻladi? Kredit shartnomasi bekor qilinadimi yoki qarz yuki merosxoʻrlarning boʻyniga tushadimi?
Birinchi navbatda undiruv kredit taʼminotiga qaratiladi
Maʼlumki, kredit ajratilayotganda banklar taʼminot sifatida uchinchi shaxslar kafilligi, sugʻurta polisi yoki mol-mulk garovini talab qiladi. Kredit olgan shaxs vafot etganda, bank birinchi navbatda aynan ushbu taʼminot turlariga murojaat qiladi:
- Agar kredit sugʻurtalangan boʻlsa, qarzni sugʻurta kompaniyasi qoplaydi;
- Agar kafil mavjud boʻlsa, toʻlov majburiyati kafil zimmasiga oʻtadi.
Taʼminot yetarli boʻlmasa yoki mavjud boʻlmasa-chi?
Agar yuqoridagi choralar bilan qarzni yopishning imkoni boʻlmasa (yoki kredit taʼminotsiz olingan boʻlsa), qarzdorlik oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketmaydi. Bunday holda undiruv merosxoʻrlarga qaratiladi.
Merosxoʻrlarning javobgarligi
Qonunchilikda "meros" deganda faqatgina uy-joy yoki mashina kabi mulklar tushunilmaydi. Meros tarkibiga marhumning kreditorlari oldidagi majburiyatlari (qarzlari) ham kiradi.
Meros qoldiruvchining kreditorlari oʻz talablarini vasiyatnomani ijro etuvchiga (meros boshqaruvchisiga) yoki bevosita merosxoʻrlarga qoʻyishga haqlidir(Fuqarolik kodeksi 1156-modda).
Merosxoʻrlar kredit boʻyicha toʻliq summa uchun emas, balki faqat oʻzlariga tekkan mol-mulkning qiymati doirasida javobgar boʻladilar. Agar merosxoʻrlar bir nechta boʻlsa, ular qarz boʻyicha solidar qarzdorlar sifatida javob beradi.









