Kredit mahsulotlari reklamasida xatarlar haqida ogohlantirish majburiy boʻladi
Qonunchilik palatasi kredit mahsulotlari reklamasiga yangi talablarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda qabul qildi. Unga koʻra, reklamalarda moliyaviy xatarlar haqida majburiy ogohlantirish joylashtirilishi belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasida korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Hujjat bilan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga bir qator qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Unga koʻra, kreditlar va mikroqarzlar reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida majburiy ogohlantiruvchi matn joylashtirilishi shart etib belgilanmoqda.
Shuningdek, bunday ogohlantirish reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi lozim boʻladi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi moliyaviy xizmatlar reklamasini yanada tartibga solish, aholining kredit bilan bogʻliq xatarlar haqidagi xabardorligini oshirish hamda masʼuliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
Muhokamalar jarayonida deputatlar ayrim normalar yuzasidan qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq 29 yanvardan boshlab banklarning isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlariga qoʻyiladigan yangi talablar kuchga kirgan edi.
Yangi tartibga koʻra, kredit risklari boʻyicha majburiy cheklist joriy etilishi hamda toʻlovlarda qiyinchilikka duch kelayotgan mijozlar uchun restrukturizatsiya tartibini oshkor qilish belgilangan.









