KFC va EVOS yana yetakchi: dastlabki 4 oylikda eng koʻp soliq toʻlagan umumiy ovqatlanish korxonalari
2025 yilning dastlabki toʻrt oyida umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan byudjetga 528 mlrd soʻmdan ortiq soliq toʻlandi. Bu mablagʻning qariyb beshdan bir qismi atigi 20 ta yirik kompaniya hissasiga toʻgʻri keladi. Ular orasida eng koʻp soliq toʻlaganlar — KFC, EVOS va Oqtepa Lavash brendlaridir.

2025 yilning yanvar–aprel oylarida Oʻzbekiston boʻylab faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan davlat byudjetiga 528 milliard soʻmdan ortiq soliq toʻlandi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi axborotida qayd etilgan.
Toʻlangan jami soliqlarning 101,1 milliard soʻmi yoki 19,1 foizi 20 ta yirik kompaniyaga toʻgʻri keladi. Ushbu korxonalar tomonidan amalga oshirilgan umumiy tovar aylanmasi 1,2 trillion soʻmni tashkil qilgan. Shuningdek, ularning foydalangan soliq imtiyozlari hajmi 11,8 milliard soʻmni tashkil etdi.
Hisobot davrida eng koʻp soliq toʻlagan kompaniya — KFC brendi ostida faoliyat yurituvchi International Foodchain boʻlib, u 31,2 milliard soʻm soliq toʻlagan. Ikkinchi oʻrinni EVOS brendi bilan tanilgan Mak Food Servis egallab, 20,3 milliard soʻm toʻlagan. Kuchli uchlikni esa 12,2 milliard soʻm soliq toʻlagan Oqtepa Food Service (Oqtepa Lavash) yakunlagan.

Bundan tashqari, 20 ta yirik ovqatlanish korxonalari roʻyxatiga Ketring (11,5 mlrd soʻm), Feedup Eco (2,6 mlrd soʻm), Savdo (2,3 mlrd soʻm), PJ Eastern Group (2,2 mlrd soʻm), Chef Katering (2,1 mlrd soʻm), Vanilla Food (1,8 mlrd soʻm) va French Pastry kabi boshqa kompaniyalar ham kirgan.