Ketma-ket pasayishlardan soʻng avtomobil bozori yana faollashdi
Yanvar oyida avtomobil savdolarida umumiy oʻsish qayd etilib, toʻrt oy davom etgan pasayishdan soʻng bozorda tiklanish jarayoni boshlandi.

2025 yil yanvar oyida avtomobil savdolarida umumiy oʻsish qayd etilib, toʻrt oy davom etgan pasayishdan soʻng bozorda tiklanish jarayoni boshlandi. Bu haqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Mazkur oyda Oʻzbekistonda jami 78,6 mingta avtomobil sotilgan boʻlib, bu oʻtgan oyga nisbatan 9,5%ga koʻpdir. Hududlar kesimida savdolarning eng katta oʻsishi Surxondaryo (27%), Andijon (25%) va Namangan (24%) viloyatlarida kuzatildi.

Birlamchi avtomobil bozorida
Oʻzbekistonning yengil avtomobillar birlamchi bozorida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Yanvar oyida yangi avtomobillar savdosi 18,5% ga oshib, oʻtgan oyga nisbatan 4,1 ming donaga koʻpaydi. Biroq, yillik koʻrinishda bu segmentda faollik 15% ga pasaydi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi yanvar oyida 21,7 ming donani tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 3,3 mingtaga oshdi.
Xorijiy avtomobillar
Xorijiy avtomobillar bozorida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Yanvar oyida yangi va foydalanilgan xorijiy yengil avtomobillar savdosi 21%ga oshib, 4,9 ming donaga yetdi. Bundan tashqari, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan savdolar 42% ga oshdi.
Ikkilamchi bozor

Ikkilamchi avtomobil bozorida ham faollik oshgan. Yanvar oyida ushbu segmentda 52 mingta avtomobil sotilib, bu oʻtgan yilning dekabr oyiga nisbatan 5,4% ga oʻsdi.
Elektromobillar
Soʻnggi yillarda elektromobillarga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda. 2025 yil yanvar oyida elektromobillar bozorida yangi va foydalanilgan elektromobillar savdosi 5,5 ming donani tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 24% ga oʻsdi. Foydalanilgan elektromobillar savdosi yil davomida 3,1 barobar, yangi elektromobillar esa 1,3 barobar oshdi.
Mavzuga doir: Oʻzbekistonda uy-joy bozori qanday oʻzgarmoqda?