12 048.040 so‘m

decrease

-51.140

14 062.470 so‘m

decrease

-71.790

153.280 so‘m

decrease

-0.540

12 048.040 so‘m

decrease

-51.140

4 soat avval
Bank
46

Kapitalbank va Universalbank yetakchi: 2025 yilda banklar faolligi qanday boʻldi?

2025 yil yakunlari boʻyicha banklar faolligi indeksi eʼlon qilindi.

35 ta tijorat banki 27 ta koʻrsatkich asosida baholanib, yirik banklar orasida Kapitalbank, kichik banklar segmentida esa Universalbank yetakchi deb topildi.

Banklar indeksi va ularning faolligi haqida batafsil:

Kapitalbank va Universalbank yetakchi: 2025 yilda banklar faolligi qanday boʻldi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 2025 yil toʻrtinchi chorak yakunlari boʻyicha yangilangan Banklar indeksini eʼlon qildi. Tadqiqot 35 ta tijorat bankini qamrab olib, ularning 20 tasi yirik, 15 tasi esa kichik banklar toifasiga kiritilgan.

Indeks 27 ta koʻrsatkich asosida shakllantirilib, banklarning operatsion samaradorligi, likvidlik darajasi, aktivlar sifati, moliyaviy barqarorligi hamda Bazel talablari va oʻrtacha mamlakat koʻrsatkichlari bilan solishtirish orqali baholandi.

2025 yil yakunlariga koʻra, bank tizimi aktivlari 892,9 trln soʻmni (74,2 mlrd dollar), majburiyatlari esa 759,8 trln soʻmni (63,1 mlrd dollar) tashkil etdi. Kredit qoʻyilmalari 13 foizga, depozitlar hajmi esa 31 foizga oshdi. Valyuta operatsiyalari ulushining qisqarishi milliy valyuta mustahkamlanayotganini koʻrsatdi.

Yirik banklar

2025 yil toʻrtinchi chorak yakunlari yirik banklar segmentida yetakchi oʻrinlar asosan saqlanib qolganini koʻrsatdi. Reytingda sezilarli qayta joylashuvlar kuzatilmadi.

Kapitalbank yetakchilikni saqlab qolgan boʻlsa, Trastbank ikkinchi, Hamkorbank esa uchinchi oʻrinni egalladi. Eng sezilarli oʻsish Oʻzsanoatqurilishbank hissasiga toʻgʻri kelib, u reytingda uch pogʻonaga koʻtarildi. Davr bank, Orient Finans Bank, Xalq banki hamda Ipoteka bank ham oʻz pozitsiyalarini yaxshiladi.

Shu bilan birga, yirik banklar toifasida faqat ikki bank — InFinBank va Aloqabankda pasayish qayd etilib, ular mos ravishda 4 va 3 pogʻonaga pastladi. Umuman olganda, 13 ta yirik bank umumiy faollik reytingida oʻz oʻrnini saqlab qoldi.

ITIM taʼkidlashicha, raqobat kuchayib borayotgan sharoitda mazkur natijalar banklarning operatsion samaradorlikni taʼminlash, likvidlikni boshqarish, aktivlar sifati va moliyaviy barqarorlikni saqlash salohiyatini aks ettiradi.

Moliyaviy vositachilik yoʻnalishida Tenge Bank va Ipak Yuli Bank resurslarni jalb qilish va joylashtirish samaradorligi pasaygani sababli mos ravishda 4 va 3 pogʻonaga tushdi. Oʻzmilliybank, Asia Alliance Bank, Anor Bank, Biznesni rivojlantirish banki hamda Mikrokreditbank ham ushbu koʻrsatkich boʻyicha bir pogʻonaga pasaydi.

Moliyaviy ommaboplik indeksida OFB, Xalq banki, Agrobank, BRB va Ipoteka bankda bir pogʻonalik pasayish kuzatildi. Aktivlar sifati boʻyicha yirik banklarning oltitasida salbiy dinamika qayd etilib, Agrobank 3 pogʻonaga, Oʻzmilliybank, Trastbank, Anor Bank, Aloqabank va Asaka Bank esa 2 pogʻonadan pastladi.

Foyda koʻrsatkichlari umumiy ijobiy oʻsishni saqlab qolgan boʻlsa-da, daromad salohiyati boʻyicha Oʻzmilliybank va Anor Bankda pasayish kuzatildi. Boshqaruv samaradorligi yoʻnalishida Mikrokreditbank va Anor Bank nisbatan zaif natijalar qayd etdi.

Likvidlik koʻrsatkichlari boʻyicha yirik banklarning qariyb uchdan biri oʻz pozitsiyasini yoʻqotdi. Xususan, Davr bank 6 pogʻonaga tushgan boʻlsa, Agrobank ushbu indikator boʻyicha eng quyi oʻringa joylashdi.

Kichik banklar

Kichik banklar segmentida nisbiy barqarorlik saqlanib qoldi. Reyting peshqadamlari oʻz pozitsiyalarini mustahkam ushlab turgan boʻlsa, asosiy oʻzgarishlar oʻrta segmentga toʻgʻri keldi. Ayrim banklar moliyaviy vositachilik koʻrsatkichlarining yaxshilanishi va daromad salohiyatining oshishi hisobidan reytingda yuqoriladi.

Ushbu toifaga kiruvchi 15 ta bankdan 6 tasi, jumladan yetakchi Universalbank hamda undan keyingi oʻrindagi TBC Bank oʻz oʻrnini saqlab qoldi. Octobank bir pogʻonaga koʻtarilib, uchinchi oʻrinni egalladi.

Shu bilan birga, besh bankda pasayish qayd etildi. Eng katta pasayish Ziraat Bank hissasiga toʻgʻri kelib, umumiy reytingda darhol uch pogʻonaga tushdi. Apex Bank esa aksincha, uch pogʻonaga koʻtarildi. AVO Bank va Madad Invest Bank ham har biri ikki pogʻonaga yuqorilab, oʻz pozitsiyalarini yaxshiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+