Joriy yil yakunida inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda — Markaziy bank
Regulyator inflyatsiyaning barqaror pasayishi uchun muayyan vaqt kerakligini taʼkidladi.

Oʻzbekistonda inflyatsiya yil yakunida 8,7% atrofida shakllanishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 11 sentabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish toʻgʻrisidagi qarorida maʼlum qilindi.
Markaziy bankning taʼkidlashicha, joriy yilning ikkinchi choragida iqtisodiy faollik va isteʼmol talabining yuqori surʼatlari narxlar oʻsishiga bosim koʻrsatishda davom etgan. Biroq, oʻtgan yilgi baza taʼsirining yoʻqolishi hisobiga avgust oyidan boshlab inflyatsiya pasayish tendensiyasiga oʻta boshlagan.
Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyul oyiga nisbatan biroz pasayib, yillik hisobda 8,8% ni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsish surʼatlarining sekinlashishi fonida bazaviy inflyatsiya 7,6% gacha tushdi. Shunga qaramay, energiya narxlarining oshishi xizmatlar bozorida yuqori inflyatsiya shakllanishiga olib kelmoqda.
Soʻnggi oylarda mavsumiy omillar va almashuv kursining barqarorlashuvi tufayli aholining hamda tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayish tendensiyasini koʻrsatmoqda. Biroq bu kutilmalar hozircha umumiy inflyatsiya darajasidan yuqoriligicha qolmoqda.
2025 yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsish 7,2% gacha tezlashdi. Oʻsishga xizmatlar sohasi bilan bir qatorda sanoat, qurilish va qishloq xoʻjaligidagi faollik ham sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Shuningdek, transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining ortishi, kreditlash surʼatlarining jadallashuvi, byudjet xarajatlarining kengayishi va investitsion faollik yalpi talabni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Biroq tashqi omillar — global inflyatsiyaning kutilganidan sekinroq pasayishi, xalqaro oziq-ovqat narxlarining oʻsishi hamda asosiy savdo hamkor mamlakatlardagi yuqori inflyatsiya — kelgusida import inflyatsiyasining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli Markaziy bank yil yakunida inflyatsiya 8,7% atrofida shakllanishini prognoz qilmoqda. Qatʼiy pul-kredit siyosati iqtisodiyotda jamgʻarish jozibadorligini saqlash, kreditlash surʼatlarini muvozanatlash hamda pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali inflyatsiyani jilovlashga xizmat qiladi.
Markaziy bank inflyatsiyaning barqaror pasayishi maʼlum vaqt talab etishini qayd etdi. Agar narxlar oʻsishini kuchaytiruvchi xavf va omillar yuzaga kelsa, pul-kredit siyosatining qatʼiyligi qayta koʻrib chiqilishi mumkinligi ham maʼlum qilindi.