Janubiy Koreyaning Shinhan Bank’i Oʻzbekistonda shoʻba bank ochishni rejalashtirmoqda
Janubiy Koreyaning Shinhan Banki’i Oʻzbekistonda shoʻba bank ochish boʻyicha ichki qarorni qabul qildi. Kompaniya joriy yilning birinchi yarmida moliyaviy regulyatorlarga ariza topshirishni rejalashtirmoqda.

Janubiy Koreyaning Shinhan Bank banki Oʻzbekiston bozoriga toʻliq kirib kelishga tayyorlanmoqda. Bu haqda bir necha xorijiy nashrlar yozmoqda
Moliyaviy sanoatdagi manbalarga koʻra, Shinhan Bank Oʻzbekistonda mahalliy shoʻba bank tashkil etish boʻyicha ichki qarorini yakunlagan va joriy yilning birinchi yarmi davomida mamlakat moliyaviy regulyatorlariga ariza topshirishni rejalashtirmoqda.
Agar tasdiqlansa, bu Shinhan Bank’ning xorijdagi 11-shoʻbasi boʻladi.
Bank allaqachon mahalliy regulyatorlar bilan muvofiqlashuv ishlarini olib borgan va tayyorgarlik jarayonining katta qismi yakunlangani aytilmoqda.
Moliyaviy sanoat vakillaridan birining aytishicha, Oʻzbekistondagi bank kelasi yilning oʻzidayoq toʻliq faoliyat boshlashi mumkin.
Shinhan Bankning Oʻzbekiston bozoriga kirish rejalari bundan 17 yil avval boshlangan. Bank 2008 yilda qoʻshni Qozogʻistonda shoʻba bank ochganidan soʻng, 2009 yilda Toshkentda vakolatxona tashkil etgan. 2024 yilda esa bank markaziy ofisidan xodimlar Oʻzbekistonga yuborilib, mahalliy moliyaviy regulyatorlar bilan rasmiy muzokaralar boshlangan.
Shoʻba bank tashkil etish boʻyicha kelishuv asta-sekin shakllana boshlagach, Jin Ok-dong shaxsan jarayonga qoʻshilib, oʻtgan yilning aprel oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida shoʻba bank ochish masalasi hamda mamlakat moliya tizimining boshqa jihatlari muhokama qilingan.
Shinhan Bank Oʻzbekistonni navbatdagi xorijiy bozor sifatida uning yuqori oʻsish salohiyati sabab tanlagan. Shuningdek, bank taxminan 14 foiz atrofidagi yuqori foiz stavkalari fonida kreditlar va valyuta operatsiyalariga talab ortib borayotganini ham inobatga olgan.
“Vetnam bozoriga dastlabki bosqichda kirganimiz kabi, bozor shakllanish jarayonida kirish uzoq muddatli raqobat ustunligini qoʻlga kiritish imkonini beradi”, — deydi Shinhan Bank vakili.
Bank Oʻzbekistondagi shoʻbasini Qozogʻistondagi muvaffaqiyatli model asosida rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Qozogʻistondagi shoʻba bank dastlab koreys kompaniyalariga korporativ moliyalashtirish xizmatlarini koʻrsatishga eʼtibor qaratgan, keyinchalik esa portfelini mahalliy yirik kompaniyalar va ipoteka kreditlariga asoslangan chakana moliya xizmatlari tomon kengaytirgan.
Natijada, Qozogʻiston Vetnam va Yaponiya bilan bir qatorda Shinhanʼning global biznesidagi uch asosiy tayanch bozordan biriga aylangan.
Sanoat vakillarining fikricha, bank Oʻzbekistonga kirgach, Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida integratsiyalashgan operatsiyalarni ham rivojlantirishi mumkin.
Manbalarga koʻra, Shinhan Bank Oʻzbekistonda ham Qozogʻistondagi kabi Shinhan Card Co. bilan birgalikda kengayishni rejalashtirmoqda.
Qozogʻistonda bank Aster Auto – mamlakatning yirik ishlatilgan avtomobillar dileri bilan qoʻshma korxona tashkil etib, Shinhan Finance orqali avtokredit bozorida faoliyatini kengaytirgan.
Bank ushbu kompaniyaning mahalliy tarmogʻidan foydalanib, Oʻzbekistonda ham ishlatilgan avtomobillarni moliyalashtirish bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.
Maʼlumot uchun, oʻtgan yili Shinhan Financial Group global miqyosda 1 trillion von (taxminan 682 million dollar) soliqdan oldingi foydaga erishgan ilk koreys moliya kompaniyasiga aylangan.









