Janubiy Koreyaning Hana Bank’i Oʻzbekistonga kirib kelmoqda
Janubiy Koreyaning Hana Bank’i 2026 yil oxirigacha Oʻzbekistonda vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda. Bank Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish uchun asosiy tayanch bozor sifatida tanlagan.

Hana Bank 11 sentabr kuni Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan investitsiya va moliya sohasida hamkorlik memorandumi imzoladi.
Kelishuv doirasida tomonlar Oʻzbekistondagi yangi moliyaviy loyihalarni aniqlash, Hana Bank’ning mahalliy bozorga kirishini qoʻllab-quvvatlash hamda ikki davlat kompaniyalari oʻrtasidagi savdo va investitsiyalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Bankning birinchi bosqichdagi rejasi Oʻzbekistonda toʻliq tijorat banki ochish emas, vakolatxona tashkil etish hisoblanadi. U 2026 yil oxirigacha ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.
Vakolatxona orqali Hana Bank Markaziy Osiyo moliya bozori va mintaqadagi biznes imkoniyatlarini oʻrganib, keyingi kengayish strategiyasini shakllantirmoqchi. Bank Oʻzbekistonni aynan Markaziy Osiyoga chiqish uchun asosiy markaz sifatida koʻrayotganini bildirgan.
Hana Bank’ning Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi bundan oldin ham maʼlum boʻlgan. Iyul oyida bank boshqaruvchi direktori Taesun Yoon boshchiligidagi delegatsiya Markaziy bank bilan muzokara oʻtkazgan.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bank tizimi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar hamda yangi tijorat bankini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi ham muhokama qilingan. Biroq oʻsha paytda yangi bank tashkil etilishi boʻyicha yakuniy qaror eʼlon qilinmagan edi.
Hozircha Hana Bank Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy banklar vakolatxonalari roʻyxatida koʻrsatilmagan. Markaziy bankning soʻnggi ochiq roʻyxatida Janubiy Koreyadan Korea Eximbank va Shinhan Bank vakolatxonalari qayd etilgan.
Shu tariqa, Hana Bank vakolatxonasi ochilsa, Janubiy Koreya banklarining Oʻzbekiston moliya bozoridagi ishtiroki yana kengayadi. Keyingi asosiy masala bank vakolatxona bilan cheklanadimi yoki keyinchalik Oʻzbekistonda alohida tijorat bankini tashkil etish bosqichiga oʻtadimi.









