Jamshid Xayrullayev Tenge Bank boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari etib saylandi
Tenge Bank kuzatuv kengashi Jamshid Xayrullayevni boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari lavozimiga sayladi. Tayinlov uning nomzodi Markaziy bank bilan kelishilgandan keyin kuchga kiradi. Xayrullayev bunga qadar Xalq bankining Strategiya departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Tenge Bank kuzatuv kengashi 15 sentabr kuni Jamshid Raxmatboyevich Xayrullayevni bank boshqaruvi aʼzosi va boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari etib saylash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Qarorni kuzatuv kengashining barcha toʻrt aʼzosi qoʻllab-quvvatlagan.
Xayrullayev bilan uch yil muddatga mehnat shartnomasi tuzilishi belgilangan. Biroq har yili shartnomani davom ettirish yoki bekor qilish masalasi alohida koʻrib chiqiladi.
Uning yangi lavozimga kirishishi Markaziy bank nomzodni maʼqullaganidan keyin amalga oshadi.
Jamshid Xayrullayev bunga qadar Xalq bankining Strategiya departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Tenge Bank Qozogʻistonning Halyk Bank’iga tegishli. Bankning yagona aksiyadori Halyk Bank Kazakhstan hisoblanadi.









