11 971.640 so‘m

decrease

-8.720

13 160.420 so‘m

increase

26.350

146.330 so‘m

increase

0.710

11 971.640 so‘m

decrease

-8.720

Yaqin 3 soat ichida
Iqtisodiyot
36

Jahongir Ortiqxoʻjayev yana 6 ta mehmonxonani AQSh kompaniyasi tarkibiga oʻtkazmoqchi

Jahongir Ortiqxoʻjayev oilasi nazoratidagi AQSh kompaniyasi Toshkentdagi yana 6 ta mehmonxonani oʻz tarkibiga qoʻshmoqchi. 

Jami 1 210 xonali majmua boʻyicha kelishuv 12 mlrd soʻmlik narx va 100 mln dollarlik kredit majburiyatlarini nazarda tutadi. 

Avvalroq ushbu kompaniya tarkibiga 2019 yilda davlatga begʻaraz topshirilishi vaʼda qilingan Hilton Tashkent City mehmonxonasi ham kiritilgan edi. 

Jahongir Ortiqxoʻjayev yana 6 ta mehmonxonani AQSh kompaniyasi tarkibiga oʻtkazmoqchi
Illyustratsiya: Pinkod.uz

AQShda roʻyxatdan oʻtgan TEG Overseas kompaniyasining Oʻzbekistondagi shoʻbasi TEG SPV va Dreams Island MChJ oʻrtasida Toshkentdagi Alfraganus mehmonxonalar majmuasini oʻtkazish boʻyicha dastlabki kelishuv imzolandi. Bu haqda kompaniyaning AQSh Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) 6 noyabr kuni taqdim etgan hisobotida maʼlum qilindi.

3 noyabrda imzolangan kelishuvga koʻra, TEG SPV Dreams Island’ga tegishli mehmonxonalar majmuasini oʻz balansiga olishi rejalashtirilmoqda. Har ikkala kompaniya ham Jahongir Ortiqxoʻjayevga tegishli AKFA Group tarkibiga kiradi. Shu sababli bitim aktivlarning mustaqil xaridorga sotilishidan koʻra, guruh ichidagi korporativ qayta tashkil etish hisoblanadi.

Qaysi mehmonxonalar oʻtkazilmoqda?

Alfraganus majmuasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan boʻlib, oltita xalqaro mehmonxona brendi ostida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan obʼektlarni birlashtiradi.

SEC’da eʼlon qilingan shartnomaga koʻra, majmua tarkibiga quyidagi mehmonxonalar kiradi:

  • Hyatt Place — 201 xona;
  • Hilton Garden Inn — 200 xona;
  • Fairfield by Marriott — 204 xona;
  • ibis — 202 xona;
  • Holiday Inn Express — 202 xona;
  • Wyndham Garden — 201 xona.

Mehmonxonalarning umumiy sigʻimi 1 210 ta xonani tashkil etadi. Bundan tashqari, majmua tarkibida 7 200 kvadrat metr maydonga ega konferensiya va tadbirlar markazi mavjud.

TEG Overseas maʼlumotiga koʻra, Alfraganus qurilishi yakuniy bosqichda boʻlib, obʼektlar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. Barcha mehmonxonalarni 2027 yilning ikkinchi choragida ishga tushirish kutilmoqda.

12 mlrd soʻmlik bitim va 100 mln dollarlik kredit

Tomonlar oʻrtasidagi dastlabki kelishuvda Alfraganus majmuasini oʻtkazish narxi QQS bilan birga 12 mlrd soʻm, yaʼni shartnoma tuzilgan sanadagi kurs boʻyicha taxminan 1 mln dollar etib belgilangan.

Biroq ushbu summa majmuaning toʻliq iqtisodiy qiymatini aks ettirmaydi. Shartnomaga koʻra, TEG SPV Dreams Island’ning Qozogʻistonning Halyk Bank banki bilan tuzilgan 100 mln dollarlik kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarini ham oʻz zimmasiga olishi kerak.

Kredit shartnomasi 2025 yil 20 martda tuzilgan boʻlib, mablagʻlar avvalgi kreditni qayta moliyalashtirish va Alfraganus majmuasini qurishga yoʻnaltirilgan.

Kreditning yillik stavkasi 8 foizni tashkil etadi. Qarzdorning aylanmasi boʻyicha belgilangan shart bajarilmasa, stavka 8,5 foizga oshadi. Asosiy qarzni qaytarish 2027 yil aprelidan boshlanishi, kredit esa 2031 yil oxirigacha toʻliq qoplanishi belgilangan.

Kredit boʻyicha kafillar sifatida Artel Electronics, Artel Electronics Manufacturing, Quality Device va AKFA Dream World kompaniyalari koʻrsatilgan. Taʼminot tarkibiga mehmonxona majmuasining binolari, uskunalari hamda Dreams Island ustav kapitalidagi 100 foizlik ulush garovi ham kiradi.

Ortiqxoʻjayevlar oilasining AQShdagi kompaniyasi

TEG Overseas AQShning Nevada shtatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, uning aksiyalari OTC bozorida TEGO belgisi ostida kotirovka qilinadi.

Kompaniya avval StageWise Strategies Corp. nomi ostida faoliyat yuritgan. 2026 yil 13 oktabrda aksiyalar almashinuvi yakunlanib, Oʻzbekistondagi TEG SPV kompaniyasining deyarli 100 foizlik ulushi AQSh kompaniyasining korporativ tuzilmasiga kiritilgan. Shundan soʻng StageWise Strategies oʻz nomini TEG Overseas’ga oʻzgartirgan.

TEG Overseas aksiyalarining 68,3 foizi Tourism and Entertainment Group MChJga tegishli. Ushbu kompaniyaning 99,93 foiz ulushiga Jahongir Ortiqxoʻjayev egalik qiladi.

TEG Overseas’ning yana 31,14 foiz aksiyasi esa uning qizi Irodaxon Abduvahidovaga tegishli. U kompaniya direktorlar kengashi aʼzosi ham hisoblanadi.

AQShdagi kompaniya aksiyalarining kamida 99,4 foizi Ortiqxoʻjayevlar oilasi nazoratida.

Oktabrdagi korporativ bitim natijasida TEG Overseas tarkibiga Hilton Tashkent City mehmonxonasiga egalik qiluvchi AKFA Dream World, Buxorodagi Wyndham mehmonxonasini boshqaruvchi Cultural Landmark Hotel va CAEx koʻrgazmalar markaziga egalik qiluvchi kompaniya kiritilgan edi.

Pinkod 29 oktabrda eʼlon qilgan surishtiruvida Jahongir Ortiqxoʻjayev 2019 yilda Hilton mehmonxonasi qurib bitkazilgach, davlatga begʻaraz topshirilishini aytganiga eʼtibor qaratgan edi. Biroq 2026 yildagi SEC hujjatlarida mehmonxonaga egalik qiluvchi AKFA Dream World oilaning AQShdagi kompaniyasi tarkibiga kiritilgani maʼlum boʻlgan.

Alfraganus boʻyicha yangi kelishuv amalga oshsa, TEG Overseas’ning Oʻzbekistondagi mehmonxonalar portfeli ikkita obʼektdan sakkiztaga kengayadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+