Iskandar Tursunov “Aloqabank” boshqaruv raisi oʻrinbosari etib tayinlandi
“Aloqabank” Iskandar Tursunovni yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha boshqaruv raisi oʻrinbosari etib tayinladi. Ushbu lavozim Prezidentning 30-iyul kuni yoshlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida berilgan topshiriq asosida joriy etildi. Tursunov bir vaqtning oʻzida bank boshqaruvi aʼzoligiga ham saylandi.

“Aloqabank” Kuzatuv kengashi 3-sentabr kuni bank boshqaruv tizimini takomillashtirish masalasini koʻrib chiqib, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishi uchun alohida boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimini tashkil etdi. Mazkur lavozimga Iskandar Umarjonovich Tursunov tayinlandi.
Yangi lavozim Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 30-iyul kuni yoshlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida bergan topshirigʻi asosida joriy etildi. Unda “Aloqabank”da yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash masalalariga masʼul alohida boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimini tashkil etish vazifasi qoʻyilgan.
Shundan kelib chiqib, bank shtatlar jadvaliga yana bitta boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimi qoʻshildi. Bankning rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun shakllantirilgan kadrlar zaxirasidan ushbu lavozimga Iskandar Tursunov nomzodi tanlangan.
Tursunov rais oʻrinbosari lavozimiga tayinlanishi bilan birga “Aloqabank” boshqaruvi aʼzoligiga ham saylandi. Bank ustaviga koʻra, boshqaruv yetti nafar aʼzodan iborat boʻlishi kerak.
Shu sababli amaldagi boshqaruv aʼzosi Oltiboy Umirzakovich Tursunovning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Natijada Iskandar Tursunov uning oʻrniga bank boshqaruvi tarkibiga kiritiladi va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishiga masʼul boʻladi.
Iskandar Tursunov nomzodi avval “Aloqabank” boshqaruvining 3-avgustdagi yigʻilishida koʻrib chiqilgan. Keyinchalik bankning Kadrlar va mukofotlash qoʻmitasi 28-avgustdagi yigʻilishida uning nomzodini dastlabki tarzda maʼqullagan.
Ayni paytda tijorat banklari boshqaruvi raisi va uning oʻrinbosarlari lavozimiga kirishishdan oldin nomzod Markaziy bank bilan kelishilishi kerak. Shu sababli “Aloqabank” boshqaruviga Iskandar Tursunov nomzodi boʻyicha Markaziy bankning kelishuvini olish vazifasi yuklatilgan.
Bundan tashqari, bankning yangi tashkiliy tuzilmasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritiladi.
Kuzatuv kengashining qarorini yigʻilishda qatnashgan 11 nafar aʼzoning barchasi qoʻllab-quvvatlagan. Qarshi va betaraf ovozlar boʻlmagan.









