12 093.350 so‘m

increase

4.370

13 867.440 so‘m

increase

65.450

155.220 so‘m

increase

0.750

12 093.350 so‘m

increase

4.370

1 soat avval
Bank
61

Ipoteka kreditlari boʻyicha daromad soligʻi imtiyozi avtomatik qoʻllanilishi mumkin

2027 yil 1 yanvardan ipoteka kreditini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlarga soliq imtiyozini fuqaroning ariza va deklaratsiya topshirishisiz, idoralararo axborot tizimlari maʼlumotlari asosida avtomatik qoʻllash taklif etilmoqda. Imtiyoz miqdori banklar va davlat organlaridan olingan maʼlumotlar asosida hisoblanib, natija shaxsiy kabinet yoki “Soliq” ilovasi orqali yetkaziladi.

Ipoteka kreditlari boʻyicha daromad soligʻi imtiyozi avtomatik qoʻllanilishi mumkin

Oʻzbekistonda ipoteka kreditini toʻlashga yoʻnaltirilgan daromadlar boʻyicha soliq imtiyozini fuqarolarning arizasisiz, davlat axborot tizimlaridagi maʼlumotlar asosida avtomatik ravishda qoʻllash rejalashtirilmoqda. Soliq qoʻmitasi ishlab chiqqan tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Loyihaga koʻra, yangi tartib 2027 yil 1 yanvardan kuchga kirishi koʻzda tutilgan. Bunda fuqarodan soliq deklaratsiyasi topshirish, alohida ariza berish yoki ipoteka toʻlovlarini tasdiqlovchi hujjatlarni yigʻish talab etilmaydi. Imtiyoz olish huquqi idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik aniqlanadi.

Tijorat banklari Soliq qoʻmitasiga qarz oluvchi va birga qarz oluvchining JShShIRi, kredit shartnomasi raqami va sanasi, shuningdek, hisobot davrida toʻlangan asosiy qarz hamda foizlar miqdorini real vaqt rejimida taqdim etadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa ipoteka subsidiyasi ajratilgani haqidagi maʼlumotlarni yuboradi.

Soliq qoʻmitasi ushbu maʼlumotlarni fuqaroning ish joyi, ish haqi koʻrinishidagi daromadlari va ushlab qolingan daromad soligʻi summalari bilan avtomatik solishtiradi. Shundan soʻng Soliq kodeksida belgilangan meʼyorlar doirasida imtiyoz miqdori hisoblanib, deklaratsiya elektron shaklda tayyorlanadi.

Tayyorlangan maʼlumotlar fuqaroning my.gov.uz portali, elektron soliq xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti yoki «Soliq» mobil ilovasida aks etadi. Imtiyoz qoʻllanilgani haqida besh kun ichida SMS, elektron pochta yoki mobil ilova orqali xabarnoma yuboriladi.

Fuqaro avtomatik shakllantirilgan hisob-kitobga rozi boʻlmasa, besh kun ichida unga tuzatish kiritishi mumkin. Belgilangan muddatda tuzatish kiritilmasa, fuqaro deklaratsiyadagi maʼlumotlarga rozi boʻlgan hisoblanadi.

Shuningdek, ipoteka hisobidan sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joy mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin 36 oy ichida boshqa shaxsga oʻtkazilsa, soliq imtiyozi bekor qilinadi. Bunday holatda avval qoʻllangan imtiyozlar qayta hisoblanib, fuqaro zimmasiga daromad soligʻi majburiyati yuklanadi.

Loyihada yosh oilalar uchun alohida qoida ham nazarda tutilgan. Unga koʻra, yosh oiladagi er-xotinning ipoteka kreditini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlariga imtiyoz ipoteka subsidiyasi mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar qoʻllanadi.

Soliq qoʻmitasi proaktiv xizmatni 2026 yil 1 noyabrgacha elektron soliq xizmatlari portali, «Soliq» ilovasi va my.gov.uz portalida joriy etishi rejalashtirilgan. Banklar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa zarur maʼlumotlarni real vaqt rejimida taqdim etish tizimini 1 sentabrgacha yoʻlga qoʻyishi kerak.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+