Ipoteka krediti va uy-joy qurilishi boʻyicha qanday yangiliklar kutilmoqda?
Agar quruvchi qurilishni 3 oy muddat ichida boshlamasa, yer qaytarib olinib, qaytadan auksionga chiqariladi.
2025 yilda 70 ming xonadon uchun ipoteka kreditlari ajratilishi nazarda tutilgan boʻlib, ulardan 30 mingtasiga kredit boshlangʻich badalini toʻlash uchun subsidiya beriladi.
Shuningdek, uy uchun toʻlangan mablagʻlarning bir qismini keshbek shaklida qaytarish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
23 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish va uy-joy qurilishini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha bir qator rejalar maʼlum qilindi.
Loyihalash ishlari endilikda 2 oydan, qurilishni boshlash esa 3 oydan ortiq davom etmasligi shart qilib belgilandi. Bu talab buzilsa, yer qaytarib olinib, qayta auksionga chiqariladi. Shuningdek, loyiha ekspertizasi 15 kundan ortiq kechiktirilgan hollarda tashkilotning litsenziyasi vaqtincha toʻxtatiladi.
Quruvchi tashkilotlar uchun yangi imtiyozlar joriy etilib, qurilish yakunlangunga qadar, lekin koʻpi bilan 12 oy davomida yer soligʻi undirilmaydi. Agar obʼekt oʻz vaqtida topshirilmasa, yer soligʻi ikki baravar undiriladi.
Fuqarolar uchun ham bir qator yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Developerlar obʼektning 50% qismini qurib boʻlganidan keyin fuqarolarda ularni kredit va subsidiyaga olish imkoniyati paydo boʻladi. Xorijda ishlab, oxirgi 6 oy davomida muntazam pul oʻtkazgan fuqarolar daromadi asosida kredit olish imkoniyatiga ega boʻladilar.
2030 yilgacha kamida 100 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilishi rejalashtirilgan boʻlib, ular aholi gavjum hududlarga yaqin joylashtiriladi. Har bir massivda 100 ming kvadrat metr xonadon qurish rejasi belgilangan. Joriy yilda massivlarning infratuzilmasi uchun 1,2 trillion soʻm ajratiladi.
2025 yilda 70 ming xonadon uchun ipoteka krediti taqdim etiladi. 30 ming xonadon uchun kreditning boshlangʻich badaliga byudjetdan subsidiya toʻlanadi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun byudjetdan 15,5 trillion soʻm, banklar tomonidan qoʻshimcha 10 trillion soʻm, “Ipoteka kompaniyasi” tomonidan esa 2,3 trillion soʻm ajratiladi.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsadida yangi uy-joy xarid qilgan fuqarolarga toʻlagan mablagʻining bir qismini keshbek sifatida qaytarish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.