Ipoteka bankdagi davlatning qolgan 17,5 foiz ulushi OTP Bank’ka sotilmoqda
Oʻzbekiston hukumati Ipoteka bankdagi qolgan 17,5 foiz ulushini Vengriyaning OTP Bank’iga sotish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bitim yakunlangach, OTP Group’ning bank kapitalidagi ulushi 90,4 foizga yetadi va davlat bank aksiyadorlari safidan chiqadi. Toshkent fond birjasidagi joriy narxlar asosida davlat ulushi qariyb 399 mln dollarga baholanmoqda.

OTP Bank va Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida tegishli qoʻshimcha bitim imzolandi. Bu haqda Ipoteka bank matbuot xizmati xabar berdi.
Vengriya bankining rasmiy bayonotiga koʻra, tomonlar 19 noyabr kuni qolgan aksiyalarni sotib olish boʻyicha kelishuvga erishgan. Moliyaviy hisob-kitoblar yaqin bir necha hafta ichida yakunlanishi kutilmoqda.
Kelishuv 2022 yilda boshlangan xususiylashtirish jarayonining ikkinchi va yakuniy bosqichi hisoblanadi. Oʻshanda davlat Ipoteka bank aksiyalarini ikki bosqichda sotishga kelishgan. Dastlab 75 foizlik ulushni sotish, qolgan 25 foizni esa birinchi bitim yakunlanganidan uch yil oʻtib realizatsiya qilish rejalashtirilgan edi.
2023 yil iyun oyida OTP Bank Ipoteka bankdagi 73,71 foizlik davlat ulushini 324 mln dollarga sotib oldi. Shu tariqa, Vengriya moliya guruhi Oʻzbekistonning yirik banklaridan birining nazorat paketini qoʻlga kiritdi.
Oʻsha yilning dekabrida OTP Bank qoʻshimcha aksiyalar chiqarilishi orqali Ipoteka bank ustav kapitaliga yana 844,6 mlrd soʻm yoki oʻsha davrdagi kurs boʻyicha taxminan 68,5 mln dollar kiritdi. Natijada uning bankdagi ulushi 79,58 foizgacha oshdi, davlat ulushi esa 24,57 foizdan 19,16 foizgacha qisqardi.
2026 yil may oyida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) ilgari bankka ajratgan konvertatsiya qilinadigan kreditini aksiyalarga almashtirib, Ipoteka bank aksiyadorlaridan biriga aylandi.
Shundan soʻng bank kapitalidagi ulushlar yana oʻzgardi. 2026 yil 30 iyun holatiga OTP Bank aksiyalarning 72,89 foiziga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 17,49 foiziga, IFC 8,69 foiziga egalik qilgan. Qolgan 0,93 foiz boshqa aksiyadorlar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Kelishuv shartlari qayta koʻrib chiqildi
Iqtisodiyot va moliya vazirligining bildirishicha, 2022 yilgi dastlabki shartnomada ikkinchi bosqichdagi aksiyalar narxi bankning moliyaviy natijalariga bogʻlangan.
Biroq oʻtgan toʻrt yil davomida bankning moliyaviy koʻrsatkichlari va Oʻzbekistondagi iqtisodiy sharoitlar sezilarli yaxshilangan. Shu sababli tomonlar dastlabki shartnomaning ayrim bandlarini qayta koʻrib chiqishga kelishgan.
OTP Bank’ning maʼlum qilishicha, shartlarning yangilanishi kompaniyaning 2026 yil toʻrtinchi chorakdagi konsolidatsiyalashgan moliyaviy natijasiga 55 mln dollar miqdorida salbiy taʼsir koʻrsatadi. Kompaniya buni kelishuvdagi xatarlar va manfaatlar taqsimotining qayta koʻrib chiqilishi bilan izohlagan.
23 noyabr kuni Toshkent fond birjasida Ipoteka bankning bitta oddiy aksiyasi 6,49 soʻmdan baholanmoqda. Shu narx asosida bankning bozor kapitalizatsiyasi 27,37 trln soʻm yoki 2,28 mlrd dollarni tashkil etadi.
Davlatga tegishli 17,49 foizlik aksiyalar paketining hisobiy bozor qiymati esa 4,79 trln soʻm yoki 398,8 mln dollarga teng. Hisob-kitob Markaziy bankning 23 noyabr uchun belgilangan 12 004,48 soʻmlik rasmiy dollar kursi asosida amalga oshirildi.
Biroq bu faqat birja narxi asosida hisoblangan qiymat. OTP Bank bilan kelishilgan haqiqiy sotuv narxi hozircha oshkor qilinmagan.
Ipoteka bankning foydasi 20 baravarga oshgan
Xususiylashtirishning yakuniy bosqichi bankning moliyaviy koʻrsatkichlari sezilarli yaxshilangan davrga toʻgʻri kelmoqda.
Pinkod avval xabar berganidek, Ipoteka bank 2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida 2 trln 72,3 mlrd soʻm sof foyda olgan. Oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich 102,5 mlrd soʻmni tashkil etgan edi.
Shu tariqa, bankning sof foydasi bir yilda 20,2 baravarga oshgan. Natijada Ipoteka bank Oʻzbekistondagi eng daromadli banklar reytingida 19-oʻrindan birinchi oʻringa koʻtarilgan.
Ipoteka bank matbuot xizmatiga koʻra, transformatsiya jarayonida muammoli kreditlar ulushi bir yil ichida 10,2 foizdan 2,6 foizgacha kamaygan. Bankning bek-ofis operatsiyalari markazlashtirilishi natijasida maʼmuriy ish hajmi ham qariyb 20 foizga qisqargan.









