Ipoteka bank birinchi chorakda eng koʻp zarar koʻrgan bank boʻldi
Bank foydasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 946,1 foizga pasaygan.

Ipoteka bank 2025 yilning birinchi choragini 37,8 milliard soʻm sof zarar bilan yakunladi.
Bank tomonidan eʼlon qilingan moliyaviy hisobotlarga koʻra, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 946,1 foizga pasaygan. Maʼlumot uchun, 2024 yilning birinchi choragida bank 3,6 milliard soʻm sof foyda qayd etgan edi.
Bankning jami aktivlari hozirda 50,5 trillion soʻmni tashkil etmoqda, bu esa hisobot davri boshidan beri qariyb 1,6 trillion soʻmga kamayganini anglatadi. Shu bilan birga, bank ustav kapitali 3,8 trillion soʻm miqdorida qolmoqda va ushbu koʻrsatkichda oʻzgarish kuzatilmadi.
Foizli daromadlar 2,7 trillion soʻmni tashkil qilgan boʻlsa-da, kredit va lizing operatsiyalaridan kelib chiqishi mumkin boʻlgan ehtimoliy yoʻqotmalar hisobga olingach, ushbu boʻlimda 0,8 trillion soʻm zarar qayd etilgan.
Bankning foizsiz daromadlari esa 1,4 trillion soʻmga teng boʻldi. Sof foizsiz daromadlar esa 380,4 milliard soʻmni tashkil qildi.
Barcha operatsion xarajatlar chegirib tashlangach, yakuniy moliyaviy natijaga koʻra Ipoteka bank 37,8 milliard soʻm sof zarar bilan chorakni yakunladi.
Avvalroq, Pinkod Ipoteka bank kredit portfeli yanvar-mart oylarida 0,7 trillion soʻmga kamayib, 34,3 trillion soʻmni tashkil qilgani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, muammoli kreditlar (NPL) ulushi umumiy kredit portfelining 10,2 foizigacha oshib, 3,5 trillion soʻmga yetgan.