Instagram yangi pullik obuna — Instagram Plus’ni sinovdan oʻtkazmoqda
Meta maʼlumotiga koʻra, xizmat hozircha Meksika, Yaponiya va Filippinda test qilinmoqda va narxi oyiga taxminan $1–$2,2 atrofida. Obuna hikoyalarni muallifga bildirmasdan koʻrish, Story’ni 24 soatga uzaytirish hamda auditoriyani cheksiz roʻyxatlar orqali boshqarish kabi yangi funksiyalarni taklif qiladi.

Instagram oʻzining Instagram Plus nomli pullik obuna xizmatini sinovdan oʻtkazishni boshladi. Bu haqda TechCrunch nashri Meta kompaniyasining rasmiy xatiga tayanib xabar berdi.
Kompaniya qaysi davlatlarda sinov oʻtkazilayotganini rasman ochiqlamagan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotlarga koʻra, xizmat hozircha Meksika, Yaponiya va Filippinda test qilinmoqda. Narxlar mamlakatga qarab farqlanadi: Meksikada — oyiga 39 peso (taxminan $2,2), Yaponiyada — 319 iyena (taxminan $2), Filippinda esa 65 peso (taxminan $1,07) etib belgilangan.
Instagram Plus obunasi bir qator yangi funksiyalarni taqdim etadi. Masalan, foydalanuvchilar hikoyalarni muallifga bildirmasdan koʻrish, shuningdek, oʻz Story’larini nechta foydalanuvchi qayta koʻrganini kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bundan tashqari, obunachilar “Yaqin doʻstlar” roʻyxatidan tashqari cheksiz auditoriya roʻyxatlari yaratishlari mumkin. Bu esa kontentni faqat umumiy auditoriyaga yoki bitta yopiq guruhga emas, balki turli guruhlarga boʻlib ulashish imkonini beradi.
Yangi funksiyalar orasida Story’ni yana 24 soatga uzaytirish, haftasiga bir marta hikoyani ajratib koʻrsatish orqali uni obunachilar uchun hikoyalar panelining yuqori qismida chiqarish imkoniyati ham mavjud.
Shuningdek, foydalanuvchilar boshqalarning hikoyalariga animatsiyali “Superlike” yuborishlari hamda Story koʻrganlar roʻyxatida maʼlum bir foydalanuvchini tez qidirish funksiyasidan foydalanishlari mumkin.
Taʼkidlanishicha, Instagram Plus obunasi Meta Verified xizmatidan alohida hisoblanadi. Meta Verified asosan kontent yaratuvchilar va biznes sahifalariga moʻljallangan boʻlsa, Instagram Plus oddiy foydalanuvchilar uchun ishlab chiqilgan









