“IMAN Invest’da riboning bir qancha alomatlari bor” — Mahmud Usmon
Islomshunos olim Mahmud Usmon IMAN faoliyatida riboning bir qancha alomatlari borligini aytib, SAFE shartnomalarini ulardan biri sifatida keltirdi.
Unga koʻra, kompaniya bir necha million dollarni qarz sifatida jalb qilib, evaziga kelajakda ulush berishni vaʼda qilgan, ammo mablagʻ bergan shaxslar hali ulushdor sifatida rasmiylashtirilmagan.
Olim bu shartnomalar IFCB’ga koʻrib chiqish uchun taqdim etilmaganini ham taʼkidladi.

IFCB kengashi aʼzosi Mahmud Usmon yangi murojaatida IMAN Invest’ning moliyalashtirish shartnomalari va investorlarga taqdim etilgan yangi ofertasiga oid sharʼiy eʼtirozlarini tushuntirdi.
“Kompaniyada riboning bir qancha alomatlari bor. Shulardan birini misol keltiradigan boʻlsam, SAFE shartnomalari”, dedi Mahmud Usmon.
Qarz va kelajakda ulush berish vaʼdasi
SAFE — Simple Agreement for Future Equity, yaʼni kelajakda kompaniyadan ulush olishga doir kelishuvdir.
Mahmud Usmonning aytishicha, u koʻrgan IMAN shartnomalarida jalb qilingan mablagʻlar qarz sifatida qayd etilgan. Keyinchalik bu mablagʻlarni kompaniyadagi ulushga aylantirish nazarda tutilgan.
Olim aynan qarz berish bilan kelajakda ulush olish sharti birlashtirilganiga eʼtiroz bildirdi. U mazkur tuzilmani qarz beruvchiga manfaat keltiruvchi shart hamda qarz bilan savdoni birlashtirish sifatida baholadi.
“SAFE shartnomalari halol boʻlishining yoʻllari bor. U narsalarga amal qilinmagan”, dedi islomshunos.
Mahmud Usmon mazkur shartnomalar orqali bir necha million dollar jalb qilinganini aytdi. U mablagʻlar investorlar puli jamlanadigan fondga emas, boshqaruv kompaniyasiga ulushdor boʻlish vaʼdasi asosida olinganini taʼkidladi.
Rahmatovning 70 foizlik ulushi va SAFE investorlari
Mahmud Usmon kompaniya rahbari ishtirokidagi suhbatda Rustam Rahmatovdan uning ulushi qancha ekani soʻralganini aytdi.
Olimning keltirishicha, Rahmatov oʻz ulushini 70 foiz deb koʻrsatgan. SAFE shartnomalari hisobga olinsa, bu koʻrsatkich 30–35 foiz boʻlishini bildirgan.
Mahmud Usmonning soʻzlariga koʻra, ayrim SAFE shartnomalari ikki yil, boshqalari esa toʻrt-besh yil avval tuzilgan. Mablagʻ bergan shaxslarga bir yoki ikki yil ichida ulushdor sifatida rasmiylashtirish vaʼda qilingan boʻlsa-da, jarayon yakunlanmagan.
Islomshunos bu shaxslarni rasmiylashtirish kompaniyaning qancha qismi kimga tegishli ekanini aniqlash uchun ham zarurligini taʼkidladi.
IMAN rasmiy bayonotida xolding aksiyadorlari va SAFE shartnomalari asosida kirgan investorlar tarkibini toʻliq roʻyxatdan oʻtkazish haqida qaror qabul qilinganini maʼlum qilgan. Kompaniya bu ish bir oy ichida amalga oshirilishini bildirgan.
Shartnomalar kengashga koʻrsatilmagani aytilmoqda
Mahmud Usmonga koʻra, SAFE shartnomalari tuzilgan paytda kompaniya IFCB bilan hamkorlik qilgan. Ammo bu hujjatlar kengashga sharʼiy jihatdan koʻrib chiqish uchun berilmagan.
“Bizga aytilmagan, mana bu shartnoma halolmi, bir koʻrib bering deyilmagan. Mana shunaqa ishlasam boʻladimi deyilmagan. Biz keyin bulardan xabar topganmiz”, dedi olim.
Uning taʼkidlashicha, kompaniya bilan kelishuv har bir shartnomani avval kengashga taqdim etish va tasdiqlatishni nazarda tutgan.
Mahmud Usmon kompaniya rahbariga boshqaruvdan toʻliq ketish, SAFE shartnomalaridagi sharʼiy eʼtirozlarni bartaraf etish va mablagʻ bergan shaxslarni rasmiylashtirish shartlari qoʻyilganini ham aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu shartlar bajarilsa, kengash ochiq bayonot bermasdan yana ikki-uch oy vaqt berishga tayyor boʻlgan. Olim mazkur taklif boʻyicha rozilikka erishilmaganini bildirdi.
Yangi ofertaning mazmuni va sanasiga eʼtiroz
Mahmud Usmon sentabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan yangi oferta ham IFCBga taqdim etilmaganini aytdi. U hujjatda kengash tasdigʻi yoʻqligini taʼkidladi.
“Shu oferta 15–16 sentabrda imzolangan boʻlsa, nimaga bizga berilmagan? Nimaga shu ofertada bizning imzoimiz turmayapti?” dedi Mahmud Usmon.
Olimning daʼvosiga koʻra, yangi ofertaga investor mablagʻini qisman yoki toʻliq yoʻqotishi mumkinligiga doir 9.5-band qoʻshilgan. U yangi shartlarni avval mablagʻ kiritgan investorlarga tatbiq etishga eʼtiroz bildirdi.
Islomshunos kengash tayyorlagan hujjatlarda yangi oferta yangi investorlarga qoʻllanishi, avvalgi investorlarga esa tatbiq etilmasligi belgilanganini aytdi.
Mahmud Usmon ofertada koʻrsatilgan sana bilan uning amalda eʼlon qilingan vaqti boʻyicha ham savollar borligini bildirdi. Uning daʼvosiga koʻra, hujjat sentabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan boʻlsa-da, keyinroq eʼlon qilingan. Olim uning qachon tayyorlangani va eʼlon qilinganini ekspertlar tekshirishini soʻradi.









