Ilon Maskning Grok sunʼiy intellekti Telegram’ga integratsiya qilinadi
Ilon Mask va Pavel Durov oʻrtasidagi kelishuv natijasida Grok sunʼiy intellekti yozdan boshlab Telegram’ning barcha versiyalarida paydo boʻladi.
Telegram bu hamkorlik evaziga $300 million va obunalardan tushadigan daromadning yarmini oladi.

Telegram messenjeri Ilon Maskga tegishli xAI sunʼiy intellekt kompaniyasi bilan hamkorlikka kirishdi. Ushbu hamkorlik doirasida xAI kompaniyasining Grok nomli sunʼiy intellekt chatboti Telegram platformasiga integratsiya qilinadi hamda mavjud ilovalar orqali foydalanuvchilarga taqdim etiladi.
Telegram asoschisi Pavel Durov seshanba kuni ushbu kelishuv tafsilotlarini eʼlon qildi. Uning soʻzlariga koʻra, xAI kompaniyasi bu hamkorlik uchun Telegram’ga $300 mln miqdorida naqd mablagʻ va aksiyalar beradi.
Shuningdek, Durov Telegram orqali sotilgan xAI obunalaridan tushgan daromadning 50 foizi kompaniyaga tegishli boʻlishini maʼlum qildi.
Pavel Durov oʻz postiga joylagan videoda Grok yordamida messenjerda turli funksiyalarni bajarish – jumladan, savollarga javob olish, postlarni tahrir qilish, matn boʻyicha xulosa chiqarish, shuningdek, avatarlar va emojilar yaratish imkoniyati namoyish etilgan.
xAI xizmati Telegram’da shu yil yozda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda xizmatning aniq ishga tushish sanasi va obuna narxlari maʼlum qilinmagan.
Eslatib oʻtamiz, Grok hozirda X (sobiq Twitter) platformasida foydalanish uchun mavjud. Bepul foydalanuvchilar uchun baʼzi cheklovlar mavjud boʻlsa-da, premium xizmat oyiga 40 dollar yoki yillik 395 dollar evaziga taqdim etiladi.