Ilon Mask Tesla va SpaceX’ni birlashtirishni koʻrib chiqmoqda
Ikki kompaniya ehtimoliy birlashuvni oʻrganish uchun maxsus qoʻmitalar tuzgan. Tesla va SpaceX’ning jami bahosi taxminan 3,5 trln dollarni tashkil etadi. Birlashuv amalga oshsa, bu tarixdagi eng yirik bitimlardan biri boʻlishi mumkin.

Ilon Mask Tesla va SpaceX’ni birlashtirish imkoniyati koʻrib chiqilayotganini maʼlum qildi. U bu haqda 20 oktabr kuni SpaceX’ning choraklik natijalari yuzasidan moliyaviy tahlilchilar bilan muloqotda gapirgan, deb yozmoqda BBC.
Mask birlashuvni maʼqullagan, biroq maxsus qoʻmitalar hozircha bitim shartlari boʻyicha kelishmaganini aytgan. Ularning kelishuvga erishishi ham kafolatlanmagan.
BBC maʼlumotiga koʻra, Tesla taxminan 1,5 trln dollarga, SpaceX esa 2 trln dollarga baholanmoqda. Bu raqamlar kompaniyalarning joriy bahosini ifodalaydi — ehtimoliy bitim qiymati hali belgilanmagan.
Mask chiplar, sunʼiy intellekt va dasturiy taʼminot sohalaridagi ishlar ikki kompaniyani birlashtirish uchun asos boʻlishi mumkinligini bildirgan. Tesla va SpaceX kompyuter chiplari ishlab chiqarishga qaratilgan Terafab loyihasida ham hamkorlik qilmoqda.
Har ikki kompaniya rahbari sifatida manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi sababli Mask maxsus qoʻmitalar tarkibiga kirmagan. Uning aytishicha, yakuniy qaror aksiyadorlarga bogʻliq boʻlib, birlashuv Tesla aksiyadorlarining kamida 50 foizi tomonidan maʼqullanishi kerak.
Xabar ortidan asosiy savdo sessiyasidan keyingi savdolarda SpaceX aksiyalari 8 foizga, Tesla aksiyalari esa 2 foizga koʻtarilgan.
Avvalroq Tesla va SpaceX bilan hamkorlikda Tesla Roadster uchuvchi elektromobillarini taqdim etgan edi.









