Ilon Mask boyligi $600 mlrddan oshgan ilk insonga aylandi
SpaceX kompaniyasi qiymatining keskin oʻsishi Ilon Mask boyligini $677 mlrdga olib chiqdi. Tesla va xAI’dagi ulushlarini hisobga olganda, u tarixda birinchi boʻlib trillion dollarlik boylikka ega inson boʻlishiga har qachongidan ham yaqinlashdi.

Yanvar noyabr boyligi 600 mlrddan oshgan tarixdagi birinchi inson boʻldi. Bu haqda Forbes xabar berdi.
Mask dunyoda birinchi boʻlib trillion dollarlik boylikka ega boʻlishga juda yaqinlashmoqda. Bunga asosiy sabab uning raketa ishlab chiqaruvchi SpaceX kompaniyasi qiymatining keskin oshishidir. Yaqinda SpaceX tender taklifi oʻtkazib, kompaniya qiymatini $800 mlrd deb baholadi. Bu avgust oyidagi bahodan ikki baravar yuqori.
SpaceX’ning taxminan 42 foizi Ilon Maskga tegishli, shu sababli uning boyligi bir kunda $168 mlrdga oshib, $677 mlrdga yetdi. Shu tariqa Mask tarixda $600 mlrddan ortiq boylikka ega boʻlgan ilk inson boʻldi.
SpaceX 2026 yilda IPO oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Agar kompaniya ommaviy bozorga $1,5 trln atrofida chiqsa, Mask avtomatik ravishda trillionerga aylanishi mumkin. Hatto IPO boʻlmagan taqdirda ham, Maskning SpaceXʼdagi ulushi hozir uning eng qimmat aktivi boʻlib, taxminan $336 mlrdga baholanmoqda.
Maskning ikkinchi yirik aktivi Tesla kompaniyasida. U kompaniyaning 12 foiz aksiyasiga ega va bu ulush hozir $197 mlrd turadi. 2018 yilda berilgan, lekin 2024 yilda sud tomonidan bekor qilingan opsionlar boʻyicha masala hali yakunlanmagan.
Trillion dollar sari
Agar Mask apellyatsiyada yutqazsa ham, Tesla orqali trillioner boʻlish ehtimoli saqlanib qoladi. Chunki aksiyadorlar Mask uchun rekord darajadagi yangi mukofot paketini tasdiqlagan: agar Tesla keyingi oʻn yil ichida bozor qiymatini bir necha baravar oshira olsa, Mask $1 trlngacha boʻlgan qoʻshimcha aksiyalarni qoʻlga kiritishi mumkin.
Bundan tashqari, Maskning sunʼiy intellekt va ijtimoiy tarmoqlarni birlashtirgan xAI Holdings kompaniyasi ham tez oʻsmoqda. U hozir $230 mlrd bahoda yangi investitsiyalar jalb qilish arafasida. Forbes hisobiga koʻra, Mask bu kompaniyaning 53 foiziga egalik qiladi, bu esa uning boyligiga yana $60 mlrd qoʻshadi.
Soʻnggi besh yil ichida Mask boyligi mislsiz tezlikda oshdi. 2020 yilda u atigi $24,6 mlrd boylikka ega edi. Tesla aksiyalari tufayli u 2021 yilda dunyoning eng boy odamiga aylandi va ketma-ket 100, 200, 300, 400 va 500 milliard dollarlik marralarni bosib oʻtdi. Bugunga kelib u eng yaqin raqibi Larri Peyjdan 425 milliard dollar oldinda va 700 milliard dollar chegarasiga ham juda yaqin turibdi.
Ilon Mask hozir nafaqat dunyoning eng boy odami, balki insoniyat tarixidagi birinchi trillioner boʻlish ehtimoli eng yuqori shaxsga aylangan. Agar SpaceX, Tesla yoki xAI rejalari amalga oshsa, bu tarixiy voqea yaqin yillarda sodir boʻlishi mumkin.









