Ilon Mask boyligi $300 mlrddan pastga tushib ketdi
Yil boshidan beri Maskning boyligi 31 foiz yoki $135 mlrdga kamaygan.

Ilon Maskning boyligi 2024 yildan beri ilk marotaba $300 mlrddan pastga tushib ketdi. Bunga asosiy sabab sifatida Tesla’ning tushib borayotgan aksiyalari va Donald Tramp tomonidan eʼlon qilingan tariflar koʻrsatilmoqda.
Dunyoning eng boy odami hozirda Bloomberg milliarderlar indeksiga koʻra, $298 mlrd boylikka ega. Dushanba kuning oʻzida uning boyligi 4 mlrddan koʻproqqa ozaygan. Yil boshidan beri esa Maskning boyligi 31 foiz yoki $135 mlrdga kamaygan.
Ilon Mask dekabr oyida $400 mlrddan ortiq boylikka ega boʻlgan ilk milliarderga aylangan edi. Oʻshanda uning boyligi $447 mlrdga yetgan edi.
Mask boyligidagi pasayish asosan Tesla aksiyalari tushishi bilan bogʻliq. Yil boshidan beri elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalari deyarli 40 foizga kamaygan.
Mask va Tesla uning Oq uydagi faoliyati, ayniqsa, Hukumat samaradorligi departamentidagi(DOGE) roli tufayli jiddiy noroziliklarga duch kelmoqda. Ilonning siyosiy faoliyati natijasida Tesla savdolari Yevropada sezilarli darajada kamaymoqda.
Tesla va Maskning boyligiga oʻtgan hafta Tramp maʼmuriyati eʼlon qilgan va moliya bozorlarini larzaga keltirgan keng qamrovli tariflar ham taʼsir koʻrsatishi mumkin. Trampning eng katta qoʻllovchisi boʻlgan Ilon Maskning oʻzi ham tariflarga qarshi ekanligini taʼkidlagan.
Shanba kuni u AQSh va Yevropa oʻrtasida "nol" tariflar va "erkin savdo zonasi" boʻlishini istayotganini aytdi, dushanba kuni esa iqtisodchi Milton Fridmanning xalqaro savdoning afzalliklarini tushuntirayotgan videosini ulashdi.
Maskning boylik yoʻqotishlari uni dunyoning eng boy odami unvonidan mahrum qilish xavfini tugʻdirmadi - ikkinchi oʻrindagi Jeff Bezos hozirga kelib hamon Maskdan $100 mlrddan koʻproq mablagʻ bilan ortda qolmoqda.