HUMO toʻlov tizimiga yangi boshqaruv raisi oʻrinbosari tayinlandi
Aleksandr Sotnikov HUMO toʻlov tizimi boshqaruv raisining oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. U bungacha Belarusdagi “Bank protsessing markazi” OAJ bosh direktori sifatida ishlab kelgan, shuningdek, “BELKART” toʻlov tizimi, Belarus Milliy banki va “Belagroprombank”da rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Aleksandr Yevgenevich Sotnikov HUMO toʻlov tizimi boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Tegishli qaror 18 may kuni kompaniya Kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan.
Aleksandr Sotnikov toʻlov tizimlari, bank kartalari va protsessing xizmatlari sohasida katta tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.
U 2013–2015 yillarda Belarusning “BELKART” toʻlov tizimi direktori lavozimida faoliyat yuritgan. 2015–2017 yillarda Belarus Milliy bankida toʻlov tizimlari va raqamli texnologiyalar boʻyicha bosh boshqarma rahbari boʻlgan.
Shuningdek, Sotnikov 2017 yilda “Belagroprombank”da ijrochi direktor sifatida ishlagan. 2017–2021 yillarda esa ushbu bank boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimini egallagan.
2021 yil may oyidan buyon u Belarusdagi “Bank protsessing markazi” OAJ bosh direktori sifatida ishlab kelgan. Mazkur markaz bank kartalari boʻyicha protsessing xizmatlari hamda “BELKART” milliy toʻlov tizimi infratuzilmasini rivojlantirish bilan shugʻullanadi.









