Humo Air ikkinchi bor xususiylashtiriladi — 27,2 mlrd soʻmlik avvalgi bitim bekor qilingan
2022 yilda 27,2 mlrd soʻmga xususiylashtirilgan Humo Air yana davlat tasarrufiga qaytarilib, qayta sotuvga qoʻyiladi. Aviakompaniyani sotib olgan ValleyRoad Capital bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan, biroq mulk huquqining davlatga toʻliq oʻtishi hali rasmiylashtirilmoqda.

Oʻzbekiston Humo Air aviakompaniyasini ikkinchi marta xususiylashtirmoqchi. Prezidentning 28 avgustdagi PF-177-son farmonida kompaniyaning 100% davlat ulushini 2026–2027 yillarda ommaviy savdolarga chiqarish belgilangan.
Biroq Humo Air bundan qariyb toʻrt yil oldin ham xususiylashtirilgan edi. 2022 yil oxirida Shveysariyaning ValleyRoad Capital S.A. investitsiya kompaniyasi aviakompaniyaning 100% davlat ulushini 27,2 mlrd soʻmga, oʻsha vaqtdagi kurs boʻyicha qariyb 2,4 mln dollarga sotib olgan.
Bitim doirasida investor faqat kompaniya uchun pul toʻlash bilan cheklanmasligi kerak edi. ValleyRoad Capital 2026 yilgacha Humo Air parkini 18 ta samolyot bilan toʻldirish, shundan dastlabki uchtasini 2023 yil iyun oxirigacha olib kelish majburiyatini olgan. Bundan tashqari, besh yil ichida muntazam yoʻnalishlar sonini 60 taga yetkazish va kompaniya xodimlarining kamida 80%ini Oʻzbekiston rezidentlari tashkil etishi koʻzda tutilgan.
Amalda aviakompaniyaning loukoster sifatidagi muntazam yoʻlovchi tashish faoliyati rejalashtirilganidan kechroq boshlandi. Humo Air 2023 yil dekabrida Toshkentdan Nukus, Samarqand, Urganch va Qarshiga parvozlarni yoʻlga qoʻydi. Keyinchalik Fargʻona hamda Samarqand–Urganch yoʻnalishlari qoʻshildi.
Biroq 2024 yil martiga kelib aviakompaniya barcha muntazam qatnovlarini vaqtincha toʻxtatdi. Oʻsha paytda foydalanilgan ikkita Airbus A320-200 samolyoti Bolgariyaning Fly2Sky kompaniyasiga qaytarildi. Humo Air buni amaldagi lizing shartlari tasdiqlangan biznes-reja boʻyicha rivojlanish imkonini bermayotgani bilan izohlagan edi.
Endi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ValleyRoad Capital bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinganini maʼlum qildi. Agentlikka koʻra, buning natijasida Humo Air’dagi 100% ulush davlatga qaytariladi va mulk huquqining oʻtishi yaqin kunlarda rasmiylashtiriladi. Shartnoma aynan qaysi asosga koʻra bekor qilingani hozircha ochiqlanmagan.
Ayni paytda davlatning oʻz maʼlumotlar bazalarida ham bu jarayon hali yakunlanmagani koʻrinadi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining korporativ boshqaruv portalida Humo Air’dagi davlat ulushi 49% deb koʻrsatilmoqda. Korxonalar haqidagi ochiq reyestr maʼlumotlarida esa ValleyRoad Capital MChJ 51%, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 49% ulush bilan taʼsischi sifatida qayd etilgan.
Shu tariqa, prezident farmonidagi 100% davlat ulushi kompaniyaning amaldagi reyestrdagi tuzilmasini emas, ValleyRoad Capital bilan bitim bekor qilingach davlatga qaytarilishi rejalashtirilgan toʻliq paketni anglatadi.
Humo Air davlatga toʻliq qaytarilgach, ushbu paket yana yangi investorga taklif qilinadi. Bu bilan aviakompaniya qisqa vaqt ichida ikkinchi marta xususiylashtirish jarayonidan oʻtadi.









