12 831.810 so‘m

decrease

-25.540

14 606.450 so‘m

decrease

-66.360

163.750 so‘m

increase

0.300

12 831.810 so‘m

decrease

-25.540

3 kun avval
Iqtisodiyot

Humans Oʻzbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitrajga murojaat qildi

Kompaniya Markaziy bank va “Oʻzbektelekom” harakatlari investitsiya huquqlarini buzganini daʼvo qilmoqda. 

Ish hozirda Jahon banki huzuridagi Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markazida koʻrib chiqilmoqda. 

Pinkod voqealar xronologiyasini taqdim etadi.

Humans Oʻzbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitrajga murojaat qildi
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekistondagi Humans Companies AJ’ning egasi, Singapurda roʻyxatdan oʻtgan Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Oʻzbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj sudiga — Jahon banki huzuridagi Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markaziga (ICSID) rasmiy daʼvo kiritdi. 2025 yil 30 may kuni taqdim etilgan ariza (ICSID Case No. ARB/25/24) markaz tomonidan roʻyxatga olingan boʻlib, hozirda koʻrib chiqilmoqda.

Ishda javobgar sifatida Oʻzbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Davlat manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi koʻrsatilgan.

Daʼvo asosida 2003 yil 15 iyulda Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasida imzolangan, 23 noyabrda kuchga kirgan “Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida”gi ikki tomonlama bitimning buzilishi koʻrsatilgan.

Humans Mobile’ning taʼkidlashicha, kompaniyaga yetkazilgan zarar Oʻzbekiston Markaziy banki va “Oʻzbektelekom” tomonidan amalga oshirilgan harakatlar natijasidir. Shu sababli, koʻrilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilinmoqda.

Markaziy bank va UPay voqealari

Humans’ning muammolari 2024 yil kuzida boshlangan. Oʻzbekiston Markaziy banki 2024 yil oktabrda kompaniyaga qarashli toʻlov tashkiloti — Marodqand (UPay) faoliyatini 6 oy muddatga toʻxtatdi. Rasmiy bayonotga koʻra, UPay qimor oʻyinlariga noqonuniy pul oʻtkazmalariga yoʻl qoʻygan.

Holat shundaki, 2022 yilda Humans kompaniyasi UPay’ni butunlay sotib olgan va unga asoslangan holda toʻlov xizmatlarini "Humans Pay" brendi ostida taqdim etishni boshlagan edi.

Cheklov eʼlon qilingach, Humans bosh direktori Vladimir Dobrynin bu qarorni adolatsizlik deb atap, kompaniya cheklov sabablari haqida faqat ommaviy axborot vositalaridan xabar topganini bildirgan.

Markaziy bankning oʻsha vaqtdagi raisi Mamurizo Nurmurodov esa quyidagicha izoh bergan edi:

“Upay noqonuniy operatsiyalar bilan shugʻullangani sababli biz uni uch marta ogohlantirdik. Cheklov aynan qimor oʻyinlari bilan bogʻliq faoliyat tufayli joriy etildi”.

Mazkur cheklov Humans’ning moliyaviy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ochiq maʼlumotlarga koʻra, 2025 yilning birinchi choragida Humans 12,6 milliard soʻm zarar koʻrgan.

Keyinchalik esa, Markaziy bank Bank nazorati qoʻmitasining qaroriga asosan “Maroqand” AJga nisbatan avval joriy etilgan ayrim toʻlov xizmatlariga doir cheklovlar bekor qilindi.

Humans va Oʻzbektelekom oʻrtasidagi mojarolar

2025 yil may oyida Humans kompaniyasi “Oʻzbektelekom”ga qarshi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga shikoyat bilan murojaat qildi. Unga koʻra, davlat operatori monopol narxlar qoʻllab, internet tezligini ataylab tushirgan.

Kompaniyaning bildirishicha, "Oʻzbektelekom" ular bilan hisob-kitobdagi qarzdorlikni bahona qilib, boshqa operatorlarga nisbatan diskriminatsion shartlar qoʻllagan va bu orqali xizmat sifatini sunʼiy ravishda yomonlashtirgan.

Dobryninning bayonoti

“Biz har doim Oʻzbekistonga va uning xalqiga ishonib kelganmiz, va bu ishonchimiz hanuz oʻzgarmagan. Prezidentning iqtisodiyotni zamonaviylashtirish, raqamlashtirish va tadbirkorlik erkinligini kengaytirish yoʻlida qilayotgan harakatlarini chin dildan qadrlaymiz.

Ammo shuni ham anglaymizki, bu oʻzgarishlar yoʻlida erkin bozor va ochiqlik tarafdori boʻlmagan kuchlar ham bor. Biz qonun ustuvor boʻlgan, amaldorlarning oʻzboshimchaliklaridan xoli Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlaymiz”, — deydi Humans Group asoschisi va bosh direktori Vladimir Dobrynin.

Uning qoʻshimcha qilishicha, “arbitraj — investorlar oʻz huquqlarini himoya qilishi uchun dunyo boʻylab tan olingan normal va qonuniy vosita” boʻlib, bu ish adolatli va bashorat qilinadigan tartib-qoidalarni mustahkamlashga, shuningdek, tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qilishi kerak.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+