12 035.260 so‘m

decrease

-15.080

13 710.570 so‘m

increase

25.000

151.460 so‘m

decrease

-1.830

12 035.260 so‘m

decrease

-15.080

Yaqin 1 soat ichida
Bank
36

Hayot Bank ZAMAN islomiy mikromoliya bankini tashkil etmoqda

Hayot Bank ZAMAN Islomiy mikromoliya bankini tashkil etishga qaror qildi. Yangi bankning 100 foiz ulushi Hayot Bankka tegishli boʻladi. 

Bu Oʻzbekistonda islomiy mikromoliya bankini yoʻlga qoʻyish boʻyicha soʻnggi ikki hafta ichida maʼlum boʻlgan ikkinchi loyiha.

Hayot Bank ZAMAN islomiy mikromoliya bankini tashkil etmoqda
Foto: AI/Pinkod.uz

Hayot Bank yagona aksiyadorining 2026-yil 28-iyuldagi qarori bilan ZAMAN Islomiy mikromoliya banki AJ tashkil etilmoqda.

Korporativ axborot portalida eʼlon qilingan muhim faktga koʻra, ZAMAN Hayot Bankning qaram xoʻjalik jamiyati boʻladi. Bank yangi tashkilot ustav kapitalidagi ulushning 100 foiziga egalik qiladi.

Yangi bank Toshkent shahri Shayxontohur tumani, Taxtapul mahallasi, Labzak koʻchasi, 116-uyda joylashishi koʻrsatilgan. Qaror haqidagi maʼlumot 29 iyul kuni jamoatchilikka oshkor qilingan.

Hozircha ZAMAN’ning ustav kapitali, boshqaruv tarkibi, xizmatlari va faoliyatni boshlash muddati ochiqlanmagan.

Maʼlumot uchun, Hayot Bankning 100 foiz aksiyalari tadbirkor Botir Rahimovga tegishli.

Bu hali islomiy bank ochildi degani emas

Korporativ qarorning qabul qilinishi yangi bank faoliyat boshlaganini anglatmaydi. Islomiy mikromoliya banki bank operatsiyalarini amalga oshirishi uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsat va tegishli litsenziya olishi kerak.

Oʻzbekistonda islomiy banklar va islomiy mikromoliya banklari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilovchi qonun 2026 yil 29 iyundan kuchga kirgan.

Markaziy bank tomonidan tegishli nizomga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, islomiy bank faoliyati uchun alohida litsenziya beriladi.

Oʻzgarishlar oddiy banklar bilan bir qatorda islomiy banklar va islomiy mikromoliya banklarini tashkil etish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda ularga litsenziya berish tartibini ham belgilaydi.

Xususan, islomiy bank tashkil etish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsat olish talab etiladi. Ariza beruvchi odatiy taʼsis hujjatlaridan tashqari islomiy moliya kengashi, islomiy moliya boʻyicha maxsus boʻlinma va ichki audit faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar loyihasini taqdim etishi kerak.

Shuningdek, bankda islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati boʻlishi hamda islomiy moliya kengashi aʼzolari Markaziy bank bilan kelishilishi lozim.

Shu sababli Hayot Bank tomonidan ZAMAN’ni tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani yangi bank faoliyat boshlaganini anglatmaydi. 

Tashkilot avval Markaziy bankning dastlabki ruxsatini olishi, davlat roʻyxatidan oʻtishi va islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlishi kerak.


Bundan avval, Apex Moliya aksiyadorlari amaldagi mikromoliya tashkilotini islomiy mikromoliya bankiga aylantirishga qaror qilgandi. Kompaniya ustav kapitalini 50 mlrd soʻmga yetkazish hamda Markaziy bankdan ruxsat va litsenziya olishni rejalashtirgan.

Shu tariqa, Hayot Bank mavjud tashkilotni bankka aylantirmoqchi boʻlsa, Hayot Bank ZAMAN’ni alohida yangi aksiyadorlik jamiyati sifatida tashkil etmoqda.

Oʻzbekistonda islomiy mikromoliyalashtirish bozori hozircha katta emas, biroq tez oʻsmoqda. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, mikromoliya tashkilotlari 2026 yilning birinchi choragida 11,2 mlrd soʻmlik islomiy moliyalashtirish xizmatlarini koʻrsatgan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan qariyb sakkiz barobar koʻp.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+