Goldman Sachs 2026 yil oxiri uchun oltin prognozini $5 400 ga koʻtardi
Goldman Sachs 2026 yil oxiriga borib oltin narxi bir unsiya uchun 5 400 dollargacha yetishini prognoz qilmoqda. Bankning bundan avvalgi bahosi 4 900 dollar edi. Biroq qimmatbaho metall bu darajadan allaqachon oshib, hozirda 5 000 dollarlik psixologik chegaraga deyarli yetib boʻldi.

Goldman Sachs banki 2026 yil oxiriga borib oltin narxi bir unsiya uchun 5 400 dollarga yetishini kutmoqda. Bundan avvalgi hisobotda bu prognoz 4 900 dollar edi.
Qizigʻi shundaki, oltin narxi allaqachon 4 900 dollardan oshib boʻldi va psixologik chegara – 5 000 dollarga qarab koʻtarilmoqda.
Xabar tayyorlanayotgan paytda qimmatbaho metallning bir unsiyasi maksimal 4 990 dollargacha koʻtarildi, soat 02:43 holatiga koʻra esa narx 4 980 dollarni tashkil etdi.
Bank tahlilchilarining taʼkidlashicha, buning asosiy sababi xususiy investorlar tomonidan oltin tomon diversifikatsiyaning real bosqichga oʻtganidir. Investorlar kuchayib borayotgan global xavflar fonida oʻz kapitalini himoyalashga intilmoqda.
Jumladan, geosiyosiy beqarorlik, urushlar va siyosiy keskinliklar global risklarni kuchaytirmoqda. Shuningdek, sunʼiy intellektga yirik investitsiyalar bilan bogʻliq noaniqliklar, fond bozorida aksiyalar haddan tashqari qimmatlashgani va AQSh Federal rezervi siyosatidagi aniqlik yetishmasligi investorlarni oltin tomon yoʻnaltirmoqda.
Hisobotda oltin narxini qoʻllab-quvvatlayotgan asosiy omillar sifatida geosiyosiy xavflarning kuchayishi, markaziy banklar tomonidan oltin xaridlarining barqaror davom etishi va Federal rezerv tomonidan foiz stavkalarini pasaytirish ehtimoli koʻrsatilgan.
Tahlilchilarga koʻra, rivojlanayotgan bozorlar markaziy banklari hamda xususiy investorlar noaniqlik sharoitida oltinni ishonchli himoya vositasi sifatida tanlamoqda va hozircha bu talab susaygani yoʻq.
Goldman Sachs ushbu omillarni inobatga olgan holda oltinni 2026 yil uchun eng yuqori ishonchga ega investitsiya gʻoyasi deb baholamoqda. Bank fikricha, agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, oltin narxlari yaqin oylar va yillarda ham oʻsishda davom etishi mumkin.
Shuningdek, hisobotda ushbu prognoz xususiy investorlar yil oxirigacha oʻz pozitsiyalarini saqlab qoladi degan taxminga asoslangani taʼkidlanadi. Bunga global qarz yukining oshishi, iqtisodiy xatarlarning koʻpayishi va haddan tashqari baholangan aksiyalardan bosqichma-bosqich chiqish tendensiyasi sabab boʻlmoqda. Oltin joriy yilning oʻzida sezilarli darajada qimmatlashgan boʻlsa-da, Goldman Sachs uni 2026 yil uchun eng ustuvor va eng ishonchli aktiv sifatida koʻrmoqda.









