11 801.230 so‘m

decrease

-22.460

13 737.810 so‘m

decrease

-59.250

136.730 so‘m

decrease

-3.010

11 801.230 so‘m

decrease

-22.460

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
26

Fonon zargarlik zavodi 316,7 mlrd soʻmga sotuvga qoʻyildi

“Fonon” zargarlik zavodiga egalik qiluvchi “Gold Moon Tashkent” kompaniyasidagi 100 foiz davlat ulushi auksionga chiqarildi. 

Korxona 2026 yilning birinchi yarmida 33,4 mlrd soʻm foyda koʻrgan, biroq uning majburiyatlari aktivlaridan 107,3 mlrd soʻmga koʻp. 

Yangi mulkdor kompaniyani 305,9 mlrd soʻmlik kreditorlik qarzi bilan birga qabul qiladi.

Fonon zargarlik zavodi 316,7 mlrd soʻmga sotuvga qoʻyildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Gold Moon Tashkent” MChJdagi 100 foiz davlat ulushini ochiq auksionga qoʻydi. Kompaniya Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Fonon zargarlik zavodiga egalik qiladi.

Davlat ulushining boshlangʻich narxi 316,7 mlrd soʻm etib belgilangan. Auksion 28 sentabr kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar esa shu kuni soat 09:00 gacha qabul qilinadi.

Savdoda qatnashish uchun 9,5 mlrd soʻm zakalat kiritish talab etiladi. Auksion narxni oshirib borish usulida oʻtkazilib, birinchi qadam boshlangʻich narxning 5 foizi yoki 15,8 mlrd soʻmni tashkil qiladi.

Kompaniya tasarrufida 2,56 gektar yer hamda umumiy maydoni 11,4 ming kvadrat metr boʻlgan bino va inshootlar mavjud. Asosiy fondlarning balans qiymati 110,7 mlrd soʻm, eskirish darajasi esa 33,2 foizga teng.

Korxonaning moliyaviy natijalari soʻnggi yarim yilda sezilarli yaxshilangan. “Gold Moon Tashkent” 2025 yilda 413,8 mlrd soʻm daromad olib, yilni 7,8 mlrd soʻm zarar bilan yakunlagan. Bir yil oldin zarar 12,3 mlrd soʻm edi.

2026 yilning birinchi yarmida esa daromad 281,9 mlrd soʻmga, sof foyda 33,4 mlrd soʻmga yetgan. Shu tariqa korxonaning sof foyda marjasi qariyb 11,8 foizni tashkil qilgan.

Biroq kompaniyaning majburiyatlari hali ham aktivlaridan ancha yuqori. 1 iyul holatiga aktivlar 443 mlrd soʻmni, majburiyatlar esa 550,3 mlrd soʻmni tashkil etgan. Natijada sof aktivlar minus 107,3 mlrd soʻm darajasida qolmoqda.

Taqqoslash uchun, 2025 yil oxirida manfiy sof aktivlar 140,8 mlrd soʻm edi. Demak, bu koʻrsatkich yarim yilda 33,5 mlrd soʻmga yoki qariyb 24 foizga yaxshilangan, ammo hali musbat darajaga chiqmagan.

Kompaniyaning kreditorlik qarzi 305,9 mlrd soʻmga teng, bu auksiondagi boshlangʻich narxning qariyb 97 foizi. Kreditorlik qarzi xarid narxiga qoʻshib davlatga toʻlanmaydi, biroq kompaniya majburiyati sifatida uning balansida qoladi.

Bundan tashqari, korxona balansidagi bino va inshootlarga tijorat banki tomonidan taqiq qoʻyilgan. Lot hujjatlarida taqiq qaysi bank tomonidan va qanday majburiyat doirasida qoʻyilgani koʻrsatilmagan.

Xaridor auksion qiymatini 36 oygacha boʻlib toʻlashi mumkin. Agar dastlabki toʻlov xarid narxining 35 foizidan kam boʻlsa, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi darajasida foiz hisoblanadi.

Lot shartlarida yangi mulkdorga qoʻshimcha investitsiya kiritish yoki ish oʻrinlarini saqlab qolish boʻyicha alohida majburiyat yuklanmagan.

“Gold Moon Tashkent” 2019 yilda tashkil etilgan. Uning negizidagi zavod 2021 yilda ishga tushirilgan boʻlib, loyiha qiymati qariyb 21 mln dollarga baholangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+