11 934.640 so‘m

decrease

-14.390

13 896.690 so‘m

decrease

-25.120

164.140 so‘m

decrease

-2.140

11 934.640 so‘m

decrease

-14.390

1 soat avval
Iqtisodiyot
29

Fitch Oʻzbekiston kredit reytingi prognozini “ijobiy”ga yaxshiladi

Fitch Ratings Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqlab, prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oʻzgartirdi. Agentlik qarorni islohotlar davom etayotgani, yuqori iqtisodiy oʻsish, past davlat qarzi, byudjet taqchilligining nazoratda saqlanayotgani va tashqi zaxiralar mustahkamligi bilan izohlagan.

Fitch Oʻzbekiston kredit reytingi prognozini “ijobiy”ga yaxshiladi
Foto: AI/Pinkod.uz

Xalqaro Fitch Ratings agentligi Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi boʻyicha prognozini yaxshiladi. Agentlik mamlakatning uzoq muddatli xorijiy valyutadagi emitent defolt reytingini “BB” darajasida saqlab qoldi, biroq prognozni “Stable”dan “Positive”ga koʻtardi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mazkur qarorga munosabat bildirib, global beqarorlik va moliya bozorlaridagi mavhumlik sharoitida Oʻzbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil islohotlarni davom ettirayotganini taʼkidladi.

“Bu xalqaro investorlar tomonidan mamlakatimizga bildirilgan yuksak ishonch belgisidir. Mamlakatimizning suveren kredit reytingini oshirish boʻyicha ishchi guruh rahbari sifatida alohida taʼkidlamoqchimanki, biz hamkorlarimiz bilan faol aloqalarni davom ettiramiz.

Strategik maqsadimiz — 2030 yilga qadar yurtimiz reytingini “investitsiyaviy” darajaga olib chiqish”, — deydi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram kanalida.

Fitch qarorini mamlakatning past davlat qarzi, sezilarli tashqi zaxiralari va yuqori iqtisodiy oʻsish salohiyati bilan izohlagan. Agentlikka koʻra, Oʻzbekistonning amaldagi “BB” reytingi aynan shu omillar bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Fitch’ga koʻra, mamlakatda keng qamrovli islohotlar dasturi davom etmoqda. Ular bozor samaradorligini oshirish, xususiylashtirishni kengaytirish, monetar siyosat uzatish mexanizmini yaxshilash, fiskal boshqaruv va shaffoflikni kuchaytirishga qaratilgan. 2021–2025 yillarda Oʻzbekistonda taxminan $5,1 mlrdlik davlat aktivlari xususiylashtirilgan, shundan $1,6 mlrd 2025 yilga toʻgʻri kelgan.

Agentlik iqtisodiy oʻsish boʻyicha ham ijobiy prognoz bildirgan. Fitch Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6 foizga oʻsishini, 2027–2028 yillarda esa oʻsish oʻrtacha 6,4 foiz atrofida boʻlishini kutmoqda. Oʻsishni islohotlar samarasi, xomashyo bozoridagi talab va barqaror pul oʻtkazmalari qoʻllab-quvvatlashi qayd etilgan.

Fitch byudjet taqchilligi boʻyicha ham ijobiy baho bergan. 2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi YaIMga nisbatan 2,1 foizni tashkil etgan va 3 foizlik limitdan past boʻlgan. Agentlik oʻrta muddatda taqchillik ushbu limit doirasida qolishini kutmoqda.

Davlat qarzi darajasi ham reytingni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy omillardan biri sifatida koʻrsatilgan. Fitch prognoziga koʻra, Oʻzbekiston davlat qarzi YaIMga nisbatan 2027–2028 yillarda 28 foizgacha pasayadi. Bu “BB” reytingidagi davlatlar medianasi — taxminan 53 foizdan ancha past.

Shuningdek, agentlik inflyatsiya pasayayotganini qayd etgan. 2026 yil aprelida yillik inflyatsiya 7 foizni tashkil etgan, bu 2025 yil aprelidagi 10,1 foizlik koʻrsatkichdan past. Shu bilan birga, inflyatsiya hali ham Markaziy bankning oʻrta muddatli 5 foizlik maqsadidan yuqori ekani taʼkidlangan.

Tashqi zaxiralar ham Fitch bahosida muhim kuchli tomonlardan biri boʻlib qolmoqda. Agentlik Oʻzbekistonning valyuta zaxiralari 2025 yildagi $66 mlrddan $71 mlrdgacha oshishini prognoz qilmoqda. Zaxiralarning qariyb 83 foizi oltin hissasiga toʻgʻri keladi.

Bank sektori boʻyicha esa Fitch kapital yetarliligi yuqori ekanini qayd etgan. 2025 yil yakunida bank tizimining umumiy kapital yetarlilik koeffitsiyenti 18,3 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, xorijiy valyutadagi kreditlar ulushi 2023 yil oxiridagi 45 foizdan 2025 yil yakunida 39,2 foizgacha pasaygan.


Avvalroq, 2025 yil iyunida Fitch Oʻzbekiston reytingini “BB-”dan “BB”ga oshirib, prognozni “barqaror” deb belgilagan edi. 2026 yil 3 iyundagi yangi qaror esa reytingni oʻzgartirmagan holda, uning kelgusi yoʻnalishi boʻyicha bahoni yaxshiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+