12 055.810 so‘m

increase

36.540

14 008.850 so‘m

increase

24.430

169.060 so‘m

increase

3.410

12 055.810 so‘m

increase

36.540

6 soat avval
Soliq
36

Endilikda bozor narxidan past sotilgan koʻchmas mulk boʻyicha soliq bazasi qayta hisoblanishi mumkin

Hukumat koʻchmas mulk va yogʻoch mahsulotlari boʻyicha soliqni bozor narxi asosida hisoblash tartibini tasdiqladi. 

Agar hujjatlardagi sotuv narxi oʻrtacha bozor qiymatidan 20 foiz yoki undan koʻproq past koʻrsatilsa, soliqlar bozor narxidan kelib chiqib hisoblanadi. 

Bozor narxi notarial tizim, birja kotirovkalari, davlat xaridlari, auksion platformalari, OAV va internetdagi ochiq maʼlumotlar asosida aniqlanadi. 

Endilikda bozor narxidan past sotilgan koʻchmas mulk boʻyicha soliq bazasi qayta hisoblanishi mumkin
Foto: AI/Pinkod.uz

Vazirlar Mahkamasi ayrim tovarlar boʻyicha soliq bazasini ularning bozor narxidan kelib chiqib aniqlash tartibini tasdiqladi. Yangi tartib 2026 yil 1 iyuldan boshlab joriy etiladi.

Yangi tartibga Soliq kodeksining 248-moddasi asos qilib olingan. Unga koʻra, tovarlar yoki xizmatlar boʻyicha bitimlar bozor narxidan sezilarli darajada yuqori yoki past narxda amalga oshirilgan taqdirda, soliq organlari soliq bazasiga tuzatish kiritishi mumkin.

Nizom koʻchmas mulk obʼektlari hamda yogʻoch mahsulotlariga nisbatan qoʻllanadi. Soliq bazasi boʻyicha tuzatishlar hujjatlarda koʻrsatilgan narx bir xil yoki oʻxshash tovarning oʻrtacha bozor narxidan 20 foiz va undan koʻproq past boʻlgan hollarda kiritiladi.

Taqqoslanadigan bozor narxini aniqlashda oʻxshash yoki bir turdagi tovarlar boʻyicha oldi-sotdi shartnomalarida koʻrsatilgan xarid narxlari inobatga olinadi. Bunda yetkazib berish shartlari, bitim amalga oshirilgan joy — tuman, shahar yoki hudud, shuningdek, soliq organlari uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa maʼlumotlar ham hisobga olinishi mumkin.

Soliq organlari bozor narxini aniqlashda yagona avtomatlashtirilgan notarial tizim maʼlumotlari, bojxona toʻlovlarini hisoblashda foydalaniladigan qiymat haqidagi maʼlumotlar, birja narxlari va kotirovkalar, davlat xaridlari hamda auksion platformalari, sotuvchilarning preyskurantlari, OAV va internet-resurslar, banklarga garov sifatida taqdim etilgan tovarlarni qayta baholash maʼlumotlari, shuningdek, Oʻzbekiston va boshqa davlatlarning baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq aniqlangan bozor narxlari haqidagi maʼlumotlardan foydalanishi mumkin.

Koʻchmas mulk boʻyicha alohida tartib belgilanmoqda. Agar koʻchmas mulk obʼekti vakolatli organ — Kadastr agentligi tomonidan bozor baholashidan oʻtkazilgan boʻlsa, soliq bazasini hisoblashda aynan shu maʼlumotlar asos qilib olinadi. Agar bunday baholash mavjud boʻlmasa, soliq organlari taqqoslanadigan bozor narxlari usulidan foydalanadi.

Birja yoki boshqa elektron platformalarda sotilgan tovarlar boʻyicha esa bozor qiymatini aniqlashda bitim tuzilgan kundagi bir xil yoki oʻxshash tovarlar narxlari, kotirovkalari hisobga olinadi. Agar aynan shunday tovar boʻyicha maʼlumot boʻlmasa, bir turdagi tovarlar narxi asos qilib olinadi.

Aniqlangan bozor narxi sotuv narxi bilan solishtiriladi. Agar sotuv narxi bozor narxidan past boʻlsa, soliq bazasiga ikki narx oʻrtasidagi ijobiy farq sotilgan tovar hajmiga koʻpaytirilgan holda qoʻshiladi. Yaʼni soliq shartnomadagi past narxdan emas, bozor qiymatiga yaqinlashtirilgan hisob-kitob asosida undiriladi.

Bunda qoʻshimcha hisoblangan soliqlar boʻyicha moliyaviy jarimalar qoʻllanmaydi. Shuningdek, mazkur holatda qoʻshimcha hisoblangan QQS summasi chegiriladigan xarajat sifatida eʼtirof etiladi. Biroq bu qoida soliq tekshiruvlari yakuni boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan toʻlovlarga tatbiq etilmaydi.

Soliq toʻlovchi soliq organlari xulosasiga rozi boʻlmasa, bitim narxi bozor narxiga mosligini asoslovchi hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Bunda shartnoma, elektron hisobvaraq-faktura, toʻlov hujjatlari, yetkazib berish hujjatlari va boshqa tasdiqlovchi materiallar inobatga olinadi.

Tartib ayrim holatlarga nisbatan qoʻllanmaydi. Xususan, transfert narxlarni nazorat qilish doirasidagi bitimlar, davlat tomonidan qatʼiy narx belgilangan tovarlar, narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan tabiiy monopoliya subʼektlari tovarlari, prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq pasaytirilgan narxlarda sotiladigan tovarlar hamda birja savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan bitimlar ushbu tartibdan mustasno.

Hukumat qarorida Soliq qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “UzEx” elektron savdo platformasi oʻrtasida maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish ham belgilangan. Jumladan, ayrim tovarlarning bozor narxlari haqidagi maʼlumotlar soliq organlariga elektron shaklda taqdim etib boriladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+