Endilikda bank kartalarini 14 yoshdan mustaqil olishga ruxsat beriladi
Bank kartalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi. Endilikda 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlarga ham bank kartasi ochishga ruxsat etiladi. Shuningdek, yangi ijtimoiy va biznes kartalari ham joriy etiladi.

Markaziy bank Oʻzbekistonda bank kartalarini chiqarish va muomalaga kiritish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritishni tasdiqladi. Adliya vazirligi bu qarorni 11 noyabr kuni roʻyxatdan oʻtkazgan.
MB qaroriga koʻra, mamlakatda ikki xil yangi turdagi kartalar joriy etiladi. Ijtimoiy kartalar moddiy yordam va turli nafaqalarni olish uchun ehtiyojmand fuqarolarga beriladi. Biznes kartalar esa yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun moʻljallangan boʻlib, ular orqali mijozlardan toʻlovlarni qabul qilish mumkin boʻladi.
Endilikda kartani mustaqil ravishda rasmiylashtirish 14 yoshdan boshlab mumkin boʻladi. 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga esa karta ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilining (vasiy yoki homiyning) yozma roziligi asosida beriladi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi qoidalarga muvofiq, toʻlov tizimlari bank kartalarini oldindan emissiya qilish huquqiga ega boʻladi. Bunday hollarda kartalarda egasining ismi koʻrsatilmaydi, ular foydalanuvchini identifikatsiya qilgandan keyin faollashtiriladi. Bu esa kartalarni tezroq tarqatish va ulardan foydalanishni soddalashtirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, korporativ kartalar egalari endi ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshira oladi. Ushbu jarayonni mobil ilovalar orqali yoki toʻgʻridan-toʻgʻri joyida bajarish mumkin boʻladi.









