Dunyoning eng badavlat kishilari boyligi bir kunda $304 mlrdga koʻpaydi
Bu Bloomberg milliarderlar indeksi tarixidagi eng yuqori bir kunlik oʻsish hisoblanadi.

AQSh Prezidenti Donald Trampning chorshanba kuni eʼlon qilgan 90 kunlik bojxona tariflari tanaffusi global moliya bozorlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Ushbu bayonotdan soʻng fond bozorlari keskin koʻtarilib, dunyoning eng boy insonlari atigi bir kun ichida umumiy boyliklariga 304 milliard dollar qoʻshishdi. Bu Bloomberg Milliarderlar Indeksi yuritila boshlaganidan beri qayd etilgan eng yirik kunlik boylik oʻsishi hisoblanadi.
Eng katta foyda koʻrgan shaxs — Tesla kompaniyasining bosh direktori Ilon Mask boʻldi. Uning boyligi bir kunda 36 milliard dollarga oshdi, bunga kompaniya aksiyalarining 23 foizga koʻtarilishi sabab boʻldi.
Ikkinchi oʻrinda esa Meta kompaniyasining asoschisi Mark Sukerberg turibdi — u 26 milliard dollarga boyidi. Uchinchi oʻrinda esa Nvidia kompaniyasi rahbari Jensen Xuang joy oldi, uning boyligi 15,5 milliard dollarga oʻsdi.
Eng katta foizli oʻsishga ega boʻlgan milliarder esa Carvana kompaniyasi bosh direktori Ernest Garsiya III boʻlib, uning boyligi 25 foizga oshdi.
Trampning bayonoti AQSh fond birjalariga sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Xususan, Dow Jones indeksi 2 997 punktga yoki 7,87% ga oshdi. S&P 500 indeksi 9,5% ga, texnologik kompaniyalar ustunlik qiladigan Nasdaq indeksi esa 12,2% ga koʻtarilib, tarixiy darajadagi sakrashni qayd etdi.