11 910.930 so‘m

decrease

-29.770

13 784.520 so‘m

decrease

-54.750

147.490 so‘m

increase

0.090

11 910.930 so‘m

decrease

-29.770

3 soat avval
Iqtisodiyot
24

Dunyo dollardan yuz oʻgirmoqda — Bloomberg

Bloomberg yozishicha, dunyoda dollarga boʻlgan ishonch pasayib, Global Janub AQSh valyutasiga alternativalar izlashni jadallashtirmoqda. AQShning tarif siyosati, sanksiyalarni keng qoʻllashi va oʻsib borayotgan davlat qarzi dunyo moliya tizimini yangi yoʻnalishga burmoqda. Xitoy va Yaqin Sharqning investitsiya strategiyasi oʻzgarishi esa dollarning yillar davomida mustahkam boʻlib kelgan mavqeiga bosimni kuchaytirmoqda.

Dunyo dollardan yuz oʻgirmoqda — Bloomberg
Foto: AI / Pinkod.uz

Bloomberg yozishicha, dunyo dollarga boʻlgan ishonchni yoʻqotmoqda, global janub esa faol ravishda alternativalar izlay boshlagan. Nashr soʻzlarini Investing.com keltirib oʻtgan

Buning sababi Vashington yuritayotgan siyosatdadir. Tramp hokimiyatga kelganidan ittifoqchilar va raqiblarga qarshi tariflarning joriy etilishi, Oq uyning Federal rezervga bosimi, davlat qarzining oʻsishi hamda dollardan sanksiyalar orqali “qurol” sifatida foydalanish boshlandi. Shu bilan birga, Xitoyning raqobati va Yaqin Sharqdagi ittifoqlarning zaiflashuvi global moliyaviy xaritani oʻzgartirmoqda.

Dunyoning eng katta iqtisodiyoti va chuqur moliya bozorlari tufayli dollar hali ham kuchli mavqega ega. Shunday boʻlsa-da, tendensiya biroz oʻzgargan: asr boshida global valyuta zaxiralarining 70% dan ortigʻi dollarga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozir bu ulush 60% dan pastga tushdi. Analitiklarga koʻra, agar Yevrohudud yanada yaxlit boʻlganida va Xitoy moliya tizimi ochiqroq boʻlganida, dollar mavqeining pasayishi yanada tezroq kechgan boʻlardi.

Oldin Xitoy va Yaqin Sharq davlatlari oʻzlarining ulkan daromadlarini AQSh qarz bozoriga muntazam ravishda yoʻnaltirib kelgan. Eng yuqori davrda ularning deyarli 5 trillion dollarlik zaxiralari AQShdagi foiz stavkalarini qariyb yarim foizga pasaytirar, bu esa amerikalik soliq toʻlovchilarga ipoteka va kreditlarda milliardlab dollar tejalishini taʼminlardi.

Biroq Xitoy endi dollar aktivlarini koʻpaytirishni toʻxtatdi va kelajakda ularni sotishni ham boshlashi mumkin. Fors koʻrfazi davlatlari esa pullarni oʻz yurtlaridagi megaloyihalarga sarflamoqda yoki AQShning gʻaznachilik obligatsiyalarida “saqlash” oʻrniga  dunyo boʻylab xavfliroq aktivlarga investitsiya qilmoqda. 

Bu AQSh uchun foiz stavkalarining oshishi, ulkan davlat qarziga xizmat koʻrsatish narxining koʻtarilishi va sanksiyalarning tashqi siyosat quroli sifatidagi samaradorligining pasayishini anglatadi.

Bloomberg dollarning zaiflashuvida uch asosiy sababni ajratib koʻrsatdi:

1. Dollar qurolga aylandi

Avval Amerika valyutasi kapitalni saqlash uchun “qalqon” boʻlgan boʻlsa, endi u “qamchi”ga aylangan. Vashington moliyaviy tizimni geosiyosiy bosim vositasiga aylantirgan. Xitoy va OPEK davlatlari (yirik neft eksport qiluvchi davlatlar) bu xavfni endi eʼtiborsiz qoldira olmaydi.

2. Xitoy strategiyani oʻzgartirmoqda

Pekin yanada moslashuvchan valyuta kursiga oʻtdi — bu esa intervensiyalar uchun dollar jamgʻarmasiga boʻlgan ehtiyojni kamaytirdi. Bundan tashqari, Xitoy savdoda milliy valyutalarga oʻtishni jadallashtirmoqda. Misol uchun, yuanning ulushi KXDR savdo hisob-kitoblarida 2010 yildagi 2% dan 2023 yilda 25% ga koʻtarildi.

3. Yaqin Sharq pullarni uyda sarflamoqda

“Neft dollarlari”ni Gʻarb banklarida jamgʻarish davri tugayapti. Qatar 2022-yilgi jahon chempionati uchun 300 mlrd dollar sarfladi, Saudiya Arabistoni esa futuristik shaharlar va sportga 1 trln dollardan ortiq investitsiya qilishni rejalashtirmoqda. Hatto Ar-Riyod kreditordan qarzdorga aylangan. Suveren fondlar endi AQSh davlat obligatsiyalaridan koʻra aksiyalar, konlar va koʻchmas mulkni afzal koʻrmoqda.

Global miqyosda dollardan voz kechish birdaniga roʻy bermaydi. Negaki hali ham likvid alternativalar kam va koʻplab valyutalar dollar bilan bogʻlangan. Ammo yillar davomida dollarning mustahkam kursini taʼminlagan va AQSh uchun arzon qarz olish imkonini yaratgan tarkibiy omillar endi teskari tomonga burilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+