11 891.180 so‘m

decrease

-46.710

13 753.340 so‘m

decrease

-15.820

141.830 so‘m

increase

0.070

11 891.180 so‘m

decrease

-46.710

Yaqin 36 daqiqa ichida
Iqtisodiyot
44

Dunyo davlatlari Oʻzbekistonning taʼsiri bilan hisoblashishiga toʻgʻri keladi — Financial Times

Financial Times Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon geografik joylashuvi, transport yoʻlaklari va energetika imkoniyatlari orqali xalqaro taʼsirini kuchaytirayotganini qayd etdi. Nashrga koʻra, yirik davlatlarning mintaqadagi maqsadlariga ushbu mamlakatlar bilan hamkorlik qilmasdan erishishi qiyin boʻladi.

Dunyo davlatlari Oʻzbekistonning taʼsiri bilan hisoblashishiga toʻgʻri keladi — Financial Times

Dunyoning nufuzli nashri Financial Times Oʻzbekistonda va mintaqadagi boshqa davlatlarning iqtisodiy va siyosiy taʼsiri haqida yozdi.  

16 avgust kuni chop etilgan maqola muallifi Zaur Shiriyev xalqaro siyosatda “mini-middle power”, yaʼni “mini-oʻrta davlat” tushunchasini ilgari surdi.

Bu atama jahon siyosiy tartibini mustaqil shakllantira olmaydigan, biroq ayrim yoʻnalishlarda yirik davlatlar hisoblashishi kerak boʻlgan imkoniyatlarga ega mamlakatlarni anglatadi. Bunday taʼsir energiya resurslari, transport yoʻlaklari, moliya, texnologiya, mintaqaviy xavfsizlik yoki vositachilik salohiyatiga tayanishi mumkin.

Muallifga koʻra, muhim jihat shunchaki geografik yoki iqtisodiy ustunlikka ega boʻlish emas, balki undan tashqi siyosiy vosita sifatida foydalana olishdir.

Qatar va Oʻmonning asosiy kuchi diplomatik vositachilikda koʻrinadi. Qatar gaz daromadlari, moliyaviy imkoniyatlari va yirik davlatlar bevosita aloqa qila olmaydigan tomonlarga chiqish imkoniyatidan foydalanmoqda. Oʻmon esa raqib davlatlar oʻrtasidagi muloqot kanallarini saqlab qolishi bilan ajralib turadi.

Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning taʼsiri esa, avvalo, geografiya va infratuzilmaga bogʻliq.

Ozarbayjon energiya eksportchisi hamda Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi transport yoʻllarining muhim boʻgʻini hisoblanadi. Qozogʻiston neft va uran zaxiralari, shuningdek, Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi joylashuvi orqali mintaqadan tashqarida ham taʼsirga ega.

Oʻzbekistonning ustunligi esa Markaziy Osiyodagi eng katta aholi va mintaqaning markazidagi geografik joylashuv bilan izohlangan. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2026 yil 1 iyul holatida mamlakatning doimiy aholisi 38,5 mln kishiga yetgan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 1,7 foiz koʻp.

Aholi soni Oʻzbekistonga yirik ichki bozor va mehnat resursini beradi. Markaziy joylashuv esa mamlakatni qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi savdo, transport va siyosiy kelishuvlarda chetlab oʻtish qiyin boʻlgan ishtirokchiga aylantiradi.

Oʻrta yoʻlakning ahamiyati oshmoqda

Bu taʼsirning asosiy iqtisodiy vositalaridan biri Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi — Oʻrta yoʻlak hisoblanadi. Yoʻnalish Xitoy va Markaziy Osiyodan boshlanib, Qozogʻiston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali Yevropaga chiqadi.

Ozarbayjon va Qozogʻiston yoʻlakning bevosita boʻgʻinlari boʻlsa, Oʻzbekiston unga olib chiquvchi transport aloqalarini kengaytirmoqda. Natijada mamlakat Rossiya orqali oʻtuvchi shimoliy yoʻnalishga muqobil eksport yoʻliga ega boʻlishi mumkin.

Yevropa komissiyasi maʼlumotiga koʻra, Oʻrta yoʻlak orqali tashilgan yuk hajmi 2022 yildan 2025 yil oxirigacha toʻrt baravar oshgan. Zarur investitsiyalar kiritilib, infratuzilmadagi uzilishlar bartaraf etilsa, 2030 yilgacha bu koʻrsatkich yana uch baravar koʻpayishi mumkin.

Oʻzbekiston ham tranzit imkoniyatlarini oshirishni strategik maqsad sifatida belgilagan. OECD tahliliga koʻra, mamlakat 2030 yilgacha hududidan oʻtadigan yuklar hajmini 16 mln tonnaga yetkazish, temiryoʻl orqali tashish vaqtini 40 foizga qisqartirish va temiryoʻl tarmogʻining 65 foizini elektrlashtirishni rejalashtirgan.

Biroq Oʻrta yoʻlak hozircha Rossiya orqali oʻtuvchi shimoliy yoʻnalishga qaraganda murakkabroq. Yuklar bir necha davlat chegarasi, temiryoʻl tizimi va dengiz portlaridan oʻtadi. Shu sabab uning raqobatbardoshligi bojxona jarayonlarini uygʻunlashtirish, yagona tariflar va port infratuzilmasiga bogʻliq.

Bundan tashqari, yoʻlakka talabning bir qismi Rossiya orqali savdodagi uzilishlar hisobiga oshgan. Gʻarb va Rossiya oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar tiklansa, yuklarning bir qismi yana shimoliy yoʻnalishga qaytishi mumkin.

Elektr energiyasi uchun ham yangi yoʻlak

Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon transportdan tashqari Kaspiy yashil energiya yoʻlagini ham rivojlantirmoqda. Uch davlat 2024 yil noyabrida yashil energiyani ishlab chiqarish va uzatish boʻyicha strategik sheriklik bitimini imzolagan.

Loyiha Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga, keyin esa Qora dengiz ostidan oʻtishi rejalashtirilgan kabel orqali Yevropaga yetkazishni nazarda tutadi.

Shu tariqa Oʻzbekiston transport tranziti bilan birga elektr energiyasi eksporti zanjirining ham bir qismiga aylanishi mumkin. Biroq loyiha hozircha texnik-iqtisodiy asoslash bosqichida va uning yakuniy quvvati hamda qiymati tasdiqlanmagan.

Financial Times muallifining xulosasiga koʻra, bunday davlatlarning taʼsiri boshqa mamlakatlarga ular nazorat qiladigan yoʻnalish, resurs yoki diplomatik aloqa zarur boʻlgan paytda kuchayadi.

Oʻzbekiston yangi xalqaro tartib qoidalarini yakka oʻzi belgilamaydi. Biroq Markaziy Osiyodagi savdo yoʻllari, energetika loyihalari va mintaqaviy diplomatiyada uning ishtirokisiz yirik tashabbuslarni amalga oshirish tobora qiyinlashib bormoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+