Donald Tramp Xitoyga qoʻshimcha 50 foizlik bojlar bilan tahdid qildi
Mazkur chora, agar Xitoy 10 apreldan kuchga kiradigan 34 foizlik javob tariflarini bekor qilmasa, kuchga kirishi mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoydan keltiriladigan mahsulotlarga yana 50 foizlik boj solish bilan tahdid qildi. Bu chora, Xitoy 10 apreldan kuchga kiradigan 34 foizlik javob tariflarini bekor qilmasa, kuchga kirishi mumkin.
Agar bu amalga oshsa, AQSh kompaniyalari Xitoydan import qilinayotgan mahsulotlar uchun jami 104 foizgacha boj toʻlaydi. Bu raqam avvalgi 20 foizlik boj, yangi 34 foizlik tarif va hozir tahdid qilinayotgan 50 foizlik bojlarning yigʻindisidan iborat.
Bu kabi savdo urushi dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiy kuch — AQSh va Xitoy oʻrtasidagi savdo aloqalarini keskin yomonlashtirib yuborishi mumkin.
Tramp oʻzining bayonotida Xitoyni ogohlantirgan holda:
“AQShga nisbatan har qanday javob tariqasidagi boj solish holatlari yangi va yanada kuchli tariflar bilan jazolanadi”, - deb taʼkidladi.
Shuningdek, u Xitoy tomonidan talab qilingan har qanday muzokaralar bekor qilinishini ham maʼlum qildi.
Bunga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lyu Pen Trampning harakatlarini “bir tomonlama, proteksionistik va xalqaro tartiblarga zid” deb atadi. “AQSh oʻz manfaatlari ustun degan pozitsiyada turib, boshqa davlatlarning qonuniy manfaatlarini hisobga olmayapti", — deya bayonot berdi Xitoy vakili.
Tramp Oq uyda soʻzlagan nutqida, bojlar doimiy qolishi mumkinligini hamda Xitoy va boshqa mamlakatlar bilan adolatli bitimlar tuzilishini maʼlum qildi.
“Bizning 36 trillion dollar qarzimiz borligi bejiz emas. Endi biz yaxshi va adolatli bitimlar tuzishimiz kerak”, — degan u.
Trampning “Ozodlik kuni” deb atagan tashabbusi doirasida deyarli barcha savdo hamkorlariga nisbatan kamida 10 foizlik tariflar belgilangangan. Eng katta bojlarga Vetnam(46%), Xitoy(34%), Hindiston(26%) va Yevropa ittifoqi mamlakatlari kabi oʻnlab davlatlar bor