12 968.380 so‘m

decrease

-4.930

14 343.030 so‘m

increase

14.010

152.370 so‘m

increase

1.180

12 968.380 so‘m

decrease

-4.930

03-aprel, 12:15
Iqtisodiyot

Donald Tramp jahonning 183 ta davlatiga nisbatan yangi boj tariflarini joriy etdi

Yangi tariflarga koʻra, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa koʻplab davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 10% boj solinadi. 

Biroq, ayrim mamlakatlarga nisbatan qoʻshimcha tariflar joriy qilinadi — Xitoydan keltiriladigan mahsulotlarga 34%, Vetnamga 46%, Qozogʻistonga 27% va Yevropa Ittifoqiga 20% tarif qoʻllanadi.

Donald Tramp jahonning 183 ta davlatiga nisbatan yangi boj tariflarini joriy etdi
Foto: AI / Pinkod.uz

AQSh prezidenti Donald Tramp 2025 yil 5 apreldan boshlab barcha mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga yangi boj tariflari joriy etilishini eʼlon qildi. Bu qaror uning himoyachilik siyosatining jiddiy kuchayishidan darak boʻlib, global savdo tartib-qoidalariga katta taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.

Oq uyda boʻlib oʻtgan chiqishida Tramp ushbu kunni “Ozodlik kuni” deb atab, bu chora AQSh iqtisodiyotini boshqa davlatlarning “talon-toroj qilishidan” himoya qilishga qaratilganini taʼkidladi. 

Yangi tariflarga koʻra, barcha davlatlardan import qilinadigan tovarlarga 10% bazaviy boj joriy qilinadi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston uchun ham amal qiladi. Qozogʻiston(27%) esa “oʻzaro javob tariqasida” tariflarga uchragan yagona Markaziy Osiyo davlati boʻldi.

Bundan tashqari, eng yuqori boj stavkalari Lesoto hamda Sen-Per va Mikelon orollari uchun 50% etib belgilangan. Kambojadan import qilinadigan tovarlarga 49%, Laosdan – 48%, Madagaskardan – 47%, Vetnamdan – 46% boj soligʻi qoʻyiladi.

Shuningdek, Xitoydan keltirilgan mahsulotlarga 34%, Tayvan yetkazib beradigan tovarlarga 32% qoʻshimcha boj solinadi. Hindistondan keltirilgan mahsulotlar uchun 26%, Janubiy Koreyadan – 25%, Yaponiya va Malayziyadan – 24%, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga esa 20% boj stavkasi qoʻllaniladi. 

Tramp maʼmuriyati bu siyosatni Kongress ruxsatisiz, favqulodda vakolatlar asosida amalga oshirmoqda. Maqsad – xorijiy mamlakatlarni oʻz savdo cheklovlarini bekor qilishga majburlash va AQShda ishlab chiqarishni ragʻbatlantirishdir.

Mazkur qaror global miqyosda katta bahslarga sabab boʻldi. Trampning yangi tariflariga javoban savdo hamkorlari oʻz choralari bilan javob bermoqda. Kanada fentanil savdosiga bogʻlangan tariflarga javoban boj joriy qildi. 

Yevropa Ittifoqi esa AQShning poʻlat va alyuminiy tariflariga javoban 28 milliard dollarlik AQSh mahsulotlariga boj qoʻydi. Trump bunga javoban Yevropa spirtli ichimliklariga 200% tarif kiritish bilan tahdid qildi.

Xitoy hukumati proteksionizm foyda keltirmasligini va savdo urushlari hech kimga manfaatli emasligini taʼkidladi. Kanada Bosh vaziri Mark Karni esa bu tariflar xalqaro savdo tizimini oʻzgartirishini aytib, javob choralari koʻrilishini bildirdi. 

Italiya Bosh vaziri Giorgia Meloni esa bu qarorni notoʻgʻri deb, AQSh bilan kelishuvga erishish istagini bildirdi.

Bozorlar bu yangilikka keskin salbiy munosabat bildirdi. AQSh fond bozori indeksi sezilarli darajada pasaydi, Apple kabi yirik kompaniyalarning aksiyalari qadrsizlandi.


Eslatib oʻtamiz, Tramp ilgari AQShdan tashqarida yigʻiladigan avtomobillar uchun 25 foizlik boj tariflarini eʼlon qilgan edi. Ushbu qaror mamlakat avtomobil sanoatini himoya qilish va xorijdan ish oʻrinlarini qaytarish maqsadida qabul qilingan.

Bundan tashqari, Tramp prezidentlikka qaytish yoʻlidagi saylov kampaniyasi davomida milliarderlarga taʼsir qiluvchi siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarni amalga oshirmoqda. Uning inauguratsiyasidan beri eng boy milliarderlar jami $209 milliard yoʻqotgani xabar qilingan edi. Eng katta yoʻqotishga esa Trampning eng yirik moliyaviy qoʻllab-quvvatlovchisi Ilon Mask duch kelgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+