11 962.780 so‘m

decrease

-6.880

13 887.590 so‘m

decrease

-40.310

153.940 so‘m

increase

1.380

11 962.780 so‘m

decrease

-6.880

2 soat avval
Iqtisodiyot
20

Donald Tramp Grenlandiya masalasida Yevropaning 8 davlatiga 25 foizlik boj bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya masalasida bosimni kuchaytirib, Daniya, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi Yevropaning sakkizta davlatidan AQShga olib kiriladigan mahsulotlarga bojlarni 25 foizgacha oshirishini eʼlon qildi.

Donald Tramp Grenlandiya masalasida Yevropaning 8 davlatiga 25 foizlik boj bilan tahdid qildi
Foto: AI/Pinkod.uz

AQSh prezidenti Donald Tramp NATOga aʼzo boʻlgan sakkizta Yevropa davlatiga nisbatan yangi savdo bosimini eʼlon qildi.

Uning aytishicha, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiyadan AQShga olib kiriladigan mahsulotlarga bojlar bosqichma-bosqich oshiriladi. Bu choralar AQSh Grenlandiyani “toʻliq va butunlay sotib olish” boʻyicha kelishuvga erishmaguncha amal qiladi.

Tramp Truth Social’dagi bayonotida tariflar 1 fevraldan 10 foizdan boshlanishini, 1 iyundan esa 25 foizga yetishini yozdi. Yangi bojlar ushbu davlatlar tovarlariga allaqachon amal qilib kelayotgan AQSh tariflariga qoʻshib hisoblanadi.

Hozirning oʻzida AQSh Yevropa Ittifoqi davlatlaridan keladigan mahsulotlarga oʻrtacha 15 foiz, Buyuk Britaniya importiga esa taxminan 10 foiz boj qoʻllaydi. Ayrim sohalarda, xususan metall va avtomobil sanoatida, yigʻma tariflar allaqachon 20 foizdan yuqori darajaga chiqib ketgan.

Yevropa Ittifoqi 27 davlatdan iborat boʻlgani sababli, agar AQSh uning bir yoki bir nechta aʼzosiga boj joriy etsa, bu amalda butun Ittifoqqa taʼsir qiladi. Shu bois Trampning bu qarori avgust oyida AQSh va YeI oʻrtasida tuzilgan savdo kelishuvini jiddiy xavf ostiga qoʻymoqda.

Shu fonʼda Yevropa Ittifoqi elchilari yakshanba kuni favqulodda yigʻilishga chaqirildi. Reuters xabariga koʻra, uchrashuvni hozir YeIga raislik qilayotgan Kipr tashkillashtirgan va unda vaziyatga qanday javob berish masalasi muhokama qilinadi.

Tramp esa yangi tariflarni Grenlandiya atrofidagi harbiy harakatlar bilan izohladi. Uning daʼvosiga koʻra, ushbu sakkiz davlat “nomaʼlum maqsadlarda” Grenlandiyaga qoʻshin yuborgan. Prezident buni “sayyoraning xavfsizligi va barqarorligiga tahdid” deb baholadi.

Bir kun avval Tramp Grenlandiya masalasida ham tariflardan bosim vositasi sifatida foydalanishini aytgan edi. U agar davlatlar AQShning Grenlandiya boʻyicha pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlamasa, ularga nisbatan bojlar joriy etilishi mumkinligini ochiq aytdi. Tramp bu hududni AQSh milliy xavfsizligi uchun muhim deb hisoblaydi.

Yevropa davlatlari esa Trampning harakatlarini keskin qoraladi. Ular bu tariflarni yaqin harbiy ittifoqchilarga nisbatan dushmanona qadam deb baholab, transatlantik hamkorlikka putur yetishini taʼkidladi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bu masalani shunchaki savdo nizosi emas, balki Gʻarb qadriyatlari uchun sinov deb atadi. Uning aytishicha, Yevropa hamkorlikni, oʻz biznesini va oʻz fuqarolarini tanlaydi.

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Trampning qarorini kutilmagan deb atadi. U AQSh vitse-prezidenti va davlat kotibi bilan yaqinda konstruktiv uchrashuv boʻlib oʻtganini eslatib, Grenlandiyadagi harbiy ishtirok faqat xavfsizlikni kuchaytirish uchun amalga oshirilganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, Arktika mintaqasi endi tinch hudud emas va barcha harakatlar AQSh ittifoqchilari bilan kelishilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+