Dollar kursi ketma-ket beshinchi ish kunida pasaymoqda
Markaziy bank 20 avgust uchun dollar kursini 11 794,88 soʻm etib belgiladi. Shu tariqa, AQSh valyutasi ketma-ket beshinchi ish kunida arzonlab, 2023 yil avgustidan beri eng past darajada saqlanmoqda.

19 avgust kuni amalda boʻlgan rasmiy kurs 11 820,40 soʻmni tashkil etgan edi. Yangi kurs bilan dollar yana 25,52 soʻmga yoki qariyb 0,22 foizga arzonladi.
Shu tariqa, dollar kursi ketma-ket beshinchi ish kunida pasayishda davom etdi. 13 avgustda rasmiy kurs 11 948,58 soʻm boʻlgan boʻlsa, 20 avgust uchun belgilangan kurs undan 153,7 soʻmga yoki qariyb 1,3 foizga past.
Hozirgi daraja 2023 yil avgustidagi keskin devalvatsiyadan keyingi eng past koʻrsatkich hisoblanadi. 2023 yil 10 avgustda dollar 11 667 soʻm boʻlgan, 11 avgustdan esa kurs birdaniga 408,03 soʻmga oshib, 12 075,03 soʻmga yetgan edi.
Demak, kurs yana qariyb 128 soʻmga pasaysa, dollar 2023 yil 10 avgustdagi — keskin sakrashdan oldingi 11 667 soʻmlik darajaga qaytadi.









