12 938.110 so‘m

increase

18.110

14 076.660 so‘m

decrease

-25.520

149.990 so‘m

increase

0.470

12 938.110 so‘m

increase

18.110

28-fevral, 11:32
Iqtisodiyot

Dollar kursi ket-ketma tushganining sababi nimada?

Soʻnggi 10 kun ichida AQSh dollarining soʻmga nisbatan qiymati ketma-ket tushib, 126 soʻmdan koʻproqqa yoki 1 foizga arzonladi. Pinkod buning ehtimoliy sabablari nimada ekanligini oʻrgandi. 

Dollar kursi ket-ketma tushganining sababi nimada?
Foto: Pinkod.uz

Oʻzbekiston iqtisodiyotida kamyob hodisa roʻy bermoqda. 14 fevral kuni dollar kursi ilk marotaba 13,000 soʻmdan oshdi. Shundan beri 10 kundirki dollar kursi ketma-ket arzonlamoqda. Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, 28 fevraldan amalda boʻladigan dollar kursi 12 877,37 soʻmni tashkil qilmoqda.

Bunga nima sabab boʻldi?

Dollar kursining tizimli ravishda tushishiga bir necha ehtimoliy omillarni sabab sifatida koʻrsatish mumkin. Birinchi sabab savdo hamkorlarining valyutalari qadri oshayotganidir. Donald Tramp hokimiyatga kelganidan beri, Rossiya va AQSh oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanmoqda, buning natijasida esa rublning dollarga nisbatan qiymati 12 foizdan koʻproqqa mustahkamlandi.

Fevral oyi boshida 1 dollar – 98,57 rublga teng boʻlgan boʻlsa, 28 yanvar holatiga koʻra kurs 87,70 rublgacha pastladi.  Shuningdek, mamlakatga 77 % xorijiy pul mablagʻlari Rossiyadan kirib keladi. Tabiiyki, eng katta hamkorlardan birining valyutasi qadri yuqorilashi soʻmning dollarga nisbatan kursi koʻtarilishiga olib keladi.

Bundan tashqari qozoq tengesining dollarga nisbatan qadri fevral oyi boshidan beri 4,53% ga yuqoriladi. Qozogʻiston ham aynan mamlakatning eng katta hamkorlaridan biri sanaladi. 

Dollar kursi tushgani haqida iqtisodchi Mirkomil Xolboyev oʻzining Telegram kanalida fikrlarini bildirib oʻtdi:

“Soʻm dollarga nisbatan mustahkamlanayotganligiga qaramasdan, asosiy savdo hamkorlarimiz valyutalariga nisbatan qadrsizlanishi real valyuta kursining qadrsizlanishiga olib keladi. Xususan, inflyatsiya darajasi hamda hamkorlarning savdo ulushlari oldingi oyga nisbatan oʻzgarmagan holatda nominal kursning fevral oyidagi oʻzgarishi real samarali almashinuv kursini 2 foizga qadrsizlantiradi”, —deya taʼkidlamoqda tahlilchi.

Shuningdek, yanvar oyida Oʻzbekiston eksport hajmi 14,1% ga yuqoriladi. AQSh dollari davlatlar aro savdoda asosiy vosita ekanligini hisobga olsak, bu mamlakat ichki bozorida avvalgidan koʻproq valyuta paydo boʻlganini bildiradi. Oʻzbekiston tashqi savdosining fevral oyidagi statistikasiga qarash holatni yanada aniqlashtirishi mumkin. Afsuski, mazkur maʼlumot ayni paytda mavjud emas. Aniqroq tasavvur olish uchun fevral oyi yakunlari kutish kerak boʻladi.

Undan tashqari, Oʻzbekiston umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni jahon moliya bozorlariga joylashtirdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabarida xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablagʻlar Davlat byudjeti taqchilligi va banklardagi ipoteka kreditlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi aytib oʻtilgan. Bu esa oʻz navbatida ichki iqtisodiyotga, shuningdek banklarga dollar kirib kelishini ragʻbatlantiradi. Shunga qaramasdan, bu amaliyotning dollar tushishiga umuman aloqasi boʻlmasligi ham mumkin.

Biroq dollar kursining bunday tushishi vaqtinchalik hodisa boʻlishi ehtimoli mavjud. Prognozlarga koʻra, 3 martdan boshlab amalda boʻladigan dollar kursi 13-14 soʻm atrofida yuqorilaydi.

Oʻzbekistonda 2024 yil may oyida ham shunga biroz yaqin holat kuzatilgan edi. Oʻshanda dollar kursi ketma-ket yetti kun davomida pasayib, 2024-yil mart oyidan beri ilk marta 12 600 soʻmdan pastga tushgan edi. Iqtisodchi Otabek Bakirov yevroobligatsiyalar chiqarilishi dollar kursi tushishiga taʼsir qilayotganini taʼkidlab oʻtgandi. Keyinchalik esa dollar kursi yana qayta oshib 12 800, 12 900 va 2025 yil 14 fevral kuni 13 000 soʻmdan yuqoriga koʻtarildi.

Ushbu holatlarni bir-biridan ajratib turuvchi jihat — bu hozirgi holatda ketma-ket kurs tushishi 10 kun davom etganidadir.


Avvalroq, S&P Global Ratings xalqaro agentligi dollar kursi 2025 yil 13 650 soʻmgacha chiqishini taxmin qilgan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+