Dollar kursi 2026 yilni sezilarli oʻsish bilan boshladi
Soʻnggi toʻrt kun ichida AQSh valyutasi 179,31 soʻmga qimmatladi.

Markaziy bank 12-yanvardan kuchga kiradigan xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan yangi rasmiy kurslarini eʼlon qildi. Unga koʻra, AQSh dollari 22,53 soʻmga qimmatlab, 12 131,55 soʻmni tashkil etdi. Natijada dollar kursi soʻnggi toʻrt kun ichida jami 179,31 soʻmga oshdi.
Shuni taʼkidlash joizki, oʻtgan yilda ham dollar kursi yilni keskin koʻtarilish bilan boshlagan edi. Fevral oyining oʻrtalariga kelib kurs eng yuqori darajaga — 13 004 soʻmga yetdi. Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston tarixida dollarning eng yuqori rasmiy kursi sifatida qayd etilgan.
Keyingi oylar davomida esa soʻmning mustahkamlanishi kuzatildi. Yil yakuniga kelib dollar kursi 12 025,33 soʻmgacha pasaydi. Shu tariqa, 2025 yil davomida soʻm dollarga nisbatan 879,6 soʻmga yoki 6,8 foizga mustahkamlandi. Eng past kurs esa yil davomida 11 880 soʻm atrofida qayd etilgan.
Dollar kursi boʻyicha qanday prognozlar bor?
Valyuta kursini aniq bashorat qilish deyarli imkonsiz. Masalan, S&P Global avvalroq dollar kursi 13 566 soʻmgacha koʻtarilishini prognoz qilgan edi, biroq amalda kurs yil oxiriga kelib 12 ming soʻm atrofida shakllandi.
Shunga qaramay, ayrim institutlar oʻz prognozlarini eʼlon qilgan. Jumladan, 2026 yilgi davlat byudjetida dollar kursi oʻrtacha 12 350 soʻm darajasida boʻlishi kutilmoqda.
S&P Globalʼning yangilangan prognoziga koʻra, 2026 yil yakuniga kelib dollar kursi 12 592 soʻmni tashkil etishi mumkin.
Yevroosiyo taraqqiyot banki ham kurs boʻyicha baholarini taqdim etgan:
- 2026 yil oxiri — 12 800 soʻm
- 2027 yil oxiri — 14 100 soʻm
- 2028 yil oxiri — 15 100 soʻm









