Davron Karimjonov Openbank boshqaruvi raisi oʻrinbosari etib tayinlandi
Davron Karimjonov 2023 yildan Agrobankda boʻlim boshligʻi, 2024 yil sentabridan esa axborot texnologiyalari departamenti boshligʻi boʻlib ishlab kelgan.
Karimjonovning tayinlovidan soʻng Openbank boshqaruvi raisi Azamat Toʻrayevning oʻrinbosarlari soni uch nafarga yetdi.

Openbank kuzatuv kengashi 26 noyabr kuni Davron Toʻlqin oʻgʻli Karimjonovni bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari etib tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda 27 noyabr kuni Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qilingan hujjatdan maʼlum boʻldi.
Tayinlovga qadar Davron Karimjonov Agrobankda ishlab kelgan. U 2023 yildan bankda boʻlim boshligʻi, 2024 yil sentabridan esa axborot texnologiyalari departamenti boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
Karimjonov 2010–2013 yillarda Uchtepa tumani moliya boʻlimida byudjet hisobchisi, 2013–2017 yillarda esa Moliya vazirligida bosh iqtisodchi boʻlib ishlagan.
U Toshkent moliya institutida moliya boʻyicha bakalavr va davlat moliyasini boshqarish boʻyicha magistr darajalarini olgan. 2017 yilda Yaponiya xalqaro universitetining davlat siyosati boʻyicha dasturida qatnashgan. 2018 yilda esa Yaponiyaning Milliy siyosiy tadqiqotlar institutida (GRIPS) makroiqtisodiy siyosat boʻyicha magistraturani tamomlagan.
Avvalroq Pinkod “Future Open Technology Group” aksiyadorlari Openbank’ning 100 foiz aksiyasini “Open Global” MChJ ustav kapitaliga ulush sifatida kiritishni maʼqullagani haqida yozgan edi.









