Davr Bank’ning 51 foizlik nazorat paketini ABB’ga sotish boʻyicha bitim imzolandi
Ozarbayjonning eng yirik banki — ABB Davr Bank’ning 51 foizlik nazorat paketini sotib olish boʻyicha bitim imzoladi. Xarid va bankni rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladigan investitsiyalar 100 mln dollardan oshishi, keyinchalik ABB’ning ulushi 74 foizgacha yetishi mumkin.

Bitim 22 avgust kuni Toshkentda oʻtkazilgan Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumida imzolandi. Bu haqda Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov maʼlum qildi.
Kelishuv ABB’ga Oʻzbekiston bank bozoriga Davr Bank orqali kirish imkonini beradi. Barcha tartib-taomillar yakunlangach, bank “ABB Davr Bank” brendi ostida ishlashi kutilmoqda.
Davr Bank aksiyadorlari 8 iyundagi umumiy yigʻilishda ABB’ga bank ustav kapitalining 51 foizini sotish boʻyicha muzokaralar va bitim shartlarini maʼqullagandi. Shuningdek, Ozarbayjon bankiga qoʻshimcha 23 foiz aksiyani sotib olish huquqini beruvchi opsionni muhokama qilishga rozilik berilgan.
Agar ushbu opsion amalga oshirilsa, ABB’ning Davr Bank’dagi ulushi 74 foizgacha yetadi.
ABB raisi Abbos Ibragimov avvalroq xarid va bankni rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladigan investitsiyalar 100 mln dollardan oshishini aytgandi. Biroq bu mablagʻning qanchasi aksiyalar uchun toʻlov, qanchasi bevosita Davr Bank kapitaliga investitsiya ekani ochiqlanmagan.
Davr Bank 2026 yil 1 iyul holatiga 13,2 trln soʻmlik aktivlarga ega. Uning kredit portfeli 9,34 trln soʻmni, kapitali 2,4 trln soʻmni, mijozlar depozitlari esa 4,9 trln soʻmni tashkil etgan.
ABB esa Ozarbayjon bank tizimidagi eng yirik moliya instituti hisoblanadi. 2026 yilning birinchi yarmi yakunida uning mamlakat bank aktivlaridagi ulushi 25 foizga, kredit bozoridagi ulushi 24 foizga teng boʻlgan. Bank aksiyalarining qariyb 92 foizi Ozarbayjon davlatiga tegishli.









