Davr Bank aksiyalari besh yildan soʻng fond birjasi listingiga qaytdi
Davr Bankning oddiy aksiyalari bugun, 28 avgustdan “Toshkent” Respublika fond birjasida yana savdoga chiqarildi. Bank aksiyalari 2021 yilda listing talablariga mos kelmagani sabab kotirovkalash varagʻidan chiqarilgandi. Ularning qaytishi ABB bankning Davr Bank nazorat paketini sotib olishi fonida amalga oshdi.

“Toshkent” Respublika fond birjasi Davr Bankning oddiy aksiyalarini birja kotirovkalash varagʻiga qayta kiritdi. Qimmatli qogʻozlar bilan savdolar 28 avgust kuni boshlandi.
Bank aksiyalariga UZ705024000 xalqaro kodi va DRBK birja tikeri berilgan.
Davr Bank aksiyalari 2021 yil fevralida aksiyadorlar soni boʻyicha belgilangan talabga mos kelmagani sabab fond birjasi listingidan chiqarilgandi. Oʻshanda yana toʻqqizta kompaniya, jumladan Asia Alliance Bank, Infinbank, Asakabank va Hi-Tech Bank aksiyalari ham delisting qilingan.
Shu tariqa, Davr Bank qimmatli qogʻozlari qariyb besh yarim yildan keyin birja kotirovkalash varagʻiga qaytdi.
Bu jarayon bank aksiyadorlari tarkibi oʻzgarayotgan bir paytda amalga oshmoqda. 22 avgust kuni Ozarbayjonning ABB banki Davr Bankning 51 foizlik nazorat paketini sotib olish boʻyicha bitim imzoladi. Barcha tartib-taomillar yakunlangach, bank “ABB Davr Bank” brendi ostida ishlashi kutilmoqda.
Shuningdek, ABBga keyinchalik yana 23 foizlik paketni sotib olish huquqini beruvchi opsion muhokama qilingan. U amalga oshirilsa, Ozarbayjon bankining Davr Bankdagi ulushi 74 foizga yetadi.









