Davlat tili va oshkoralik talablari buzilgani uchun 18 ta bank jarimaga tortildi
Markaziy banki tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida davlati tiliga rioya qilish va axborotlarni oshkor etish tartibiga oid qonunbuzilishlar aniqladi. Natijada 18 ta bankning har biriga 102 million soʻmdan jarima qoʻllanildi.

Markaziy bank joriy yilning sentabr–oktabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarini monitoringdan oʻtkazdi.
Monitoring natijalari banklar faoliyatida bir qator kamchiliklar va qonunbuzilish holatlari mavjudligini koʻrsatdi. Eng avvalo, ayrim banklar “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonun talablariga toʻliq amal qilmagan. Ularning veb-saytlarida ayrim maʼlumotlar davlat tilida joylashtirilmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, moliyaviy axborotlarni oshkor etish borasida ham qonunchilik talablariga rioya etilmagani kuzatildi. Xususan, ayrim banklarning rasmiy veb-saytlarida kredit taʼminotiga qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldigʻiga mutanosib tarzda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibi joylashtirilmagan.
Ushbu kamchiliklar Agrobank, Anor bank, Hayot bank, Universal bank, Garant bank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, Orient Finans bank, Ipoteka-bank, Tenge bank, Ziraat Bank Uzbekistan, AVO bank va Open bank rasmiy veb-saytlarida aniqlangan.
Natijada Markaziy bank tomonidan ushbu 18 ta tijorat bankining har biriga nisbatan amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq 102 million soʻmdan jarima qoʻllandi. Shu bilan birga, barcha banklarga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish va rasmiy veb-saytlaridagi maʼlumotlarni qonunchilik talablariga toʻliq moslashtirish boʻyicha koʻrsatmalar yuborildi.
Markaziy bank izoh berishicha, bu chora isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish, moliyaviy xizmatlar bozorida ochiqlikni oshirish va bank tizimida qonunchilikka soʻzsiz rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan.
Shuningdek, Markaziy bank barcha tijorat banklaridan quyidagi talablarni qatʼiy bajarishni eslatdi:
- “Davlat tili haqida”gi Qonun talablariga toʻliq amal qilish;
- rasmiy veb-saytlarda joylashtirilgan maʼlumotlarning toʻliqligi, aniqligi va dolzarbligini taʼminlash;
- isteʼmolchilarga taqdim etilayotgan axborotning tushunarli va ishonchli boʻlishini kafolatlash.









