Davaktiv UzAuto Motors’dagi 99,7% ulushni sotish uchun tender eʼlon qiladi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain kompaniyalarini xususiylashtirish boʻyicha tenderni yaqin vaqt ichida eʼlon qilishni rejalashtirmoqda. Savdoga UzAuto Motors’dagi 99,7% hamda UzAuto Motors Powertrain’dagi 100% davlat ulushi chiqarilishi belgilangan.

Bu haqda 17 sentabr kuni Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev “Oʻzbekiston Respublikasi kapital bozori” VIII xalqaro Cbonds konferensiyasida maʼlum qildi.
“Tez orada ikkita davlat kompaniyasi — UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain boʻyicha tender eʼlon qilamiz”, — dedi Miraliyev.
Prezidentning 2025 yil 21 apreldagi qaroriga koʻra, UzAuto Motors’dagi “Oʻzavtosanoat”ga tegishli 99,7% ulushni ommaviy savdoga chiqarish 2026 yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan edi. UzAuto Motors Powertrain’dagi 100% ulush boʻyicha savdoni esa 2025 yilning toʻrtinchi choragida boshlash belgilangan.
Shu tariqa, ikkala aktivni xususiylashtirish jarayoni dastlab belgilangan muddatlardan kechikmoqda.
UzAuto Motors’ni xususiylashtirish masalasi avval ham koʻtarilgan. 2022 yildayoq kompaniya aksiyalarining 10%gacha qismini mahalliy fond bozorida IPO orqali joylashtirish, qolgan ulushni esa strategik investorga sotish strategiyasini ishlab chiqish topshirilgan edi.
2026 yil aprelida Davaktiv direktori Sohibjon Murodov prezidentga UzAuto Motors va uning tarkibidagi korxonalarni xususiylashtirishga tayyorgarlik jarayoni haqida axborot bergan.
Hozircha tenderning aniq sanasi, boshlangʻich narx, investorlar uchun qoʻyiladigan talablar hamda sotuvning boshqa shartlari ochiqlanmagan.









