Davaktiv sobiq rahbari Akmalxon Ortiqovga oid jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda
Akmalxon Ortiqovga nisbatan oʻzlashtirish yoki rastrata, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish hamda mansab soxtakorligiga oid koʻp epizodli jinoyat ishi Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida birinchi instansiyada koʻrib chiqilmoqda.

Davaktiv sobiq rahbari Akmalxon Ortiqovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida birinchi instansiyada koʻrilmoqda. Navbatdagi sud majlisi 20 iyul kuni soat 14:30 ga tayinlangan. Ishni sudya Xasan Ochilov koʻrib chiqmoqda.
Ortiqov nimada ayblanmoqda?
Akmalxon Ortiqovga Jinoyat kodeksining uchta moddasi boʻyicha ayblov qoʻyilgan:
- 167-modda 3-qismi — oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish;
- 206-modda 2-qismi — hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish;
- 209-moddaning 1 va 2-qismlari — mansab soxtakorligi.
Ayblov koʻp epizodli boʻlib, hozircha ularning qaysi davlat aktivlari yoki bitimlarga aloqadorligi, shuningdek, yetkazilgan zarar miqdori ochiqlanmagan.
Amaldagi Jinoyat kodeksiga koʻra, 167-moddaning 3-qismi boʻyicha jazo 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni ham nazarda tutadi. 206-moddaning 2-qismi va 209-moddaning 2-qismi boʻyicha esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Biroq bu sanksiyalar Ortiqov aynan shunday muddatga hukm qilinishini anglatmaydi. Yakuniy jazo ish holatlari, jinoyat sodir etilgan vaqtda amal qilgan qonun tahriri, yetkazilgan zarar, uning qoplangan yoki qoplanmagani hamda boshqa omillar asosida sud tomonidan belgilanadi.
Ish doirasida Ziyoviddin Jabbarov, Zuxriddin Nigmanxanov, Ravshan Xalitkariyev, Saidjon Saidov va Shermatjon Joʻrayev ham sudlanmoqda. Ularga ham oʻzlashtirish yoki rastrata va mansab soxtakorligi, ayrimlariga esa nodavlat tashkilot mansabdor shaxsining oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilishi bilan bogʻliq ayblovlar qoʻyilgan.
250 mlrd soʻmlik yer 120 mlrd soʻmga sotilgandi
Akmalxon Ortiqov bilan bogʻliq mojaro 2026 yil yanvarida boshlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni oʻtkazilgan yigʻilishda “Oʻzbekneftgaz” va Davaktivda milliardlab soʻmlik talon-torojliklar aniqlanganini maʼlum qilgan edi.
Davlat rahbari misol sifatida Davaktiv mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd soʻm boʻlgan yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 mlrd soʻmga sotib yuborganini keltirgan. Shundan soʻng agentlik direktori Akmalxon Ortiqov lavozimidan ozod etilgan.
DXXga sotilgan davlat mulklari boʻyicha har bir holatni tekshirish, korrupsiyaviy sxemalarni aniqlash va aybdorlarning javobgarligini taʼminlash topshirilgan. Qator nashrlar oʻsha paytda oʻz manbalariga tayanib, Ortiqov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini yozgan. Tergov organlari esa unga qoʻyilgan ayblovlar va ishga kiritilgan bitimlar haqida batafsil maʼlumot bermagan.
Avval yopiq savdolar mumkin emasligini aytgandi
2024 yil may oyida Akmalxon Ortiqov davlat aktivlarini sotish jarayonining ochiqligi haqidagi savollarga javob berib, Oʻzbekistonda davlat mulkini yopiq shaklda sotish mumkin emasligini aytgan edi.
Uning taʼkidlashicha, davlat mulkini sotish boʻyicha qarorlar, baholash jarayonlari va savdo natijalari belgilangan tartibda jamoatchilikka eʼlon qilinishi kerak.
Oradan ikki yilga yaqin vaqt oʻtib, prezident Davaktiv mansabdor shaxslari yer uchastkasini yopiq auksion orqali bozor qiymatidan ancha past narxda sotganini maʼlum qildi.
Akmalxon Ortiqov kim?
Akmalxon Ortiqov 1980 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tugʻilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.
Ortiqovning mehnat faoliyati asosan davlat moliyasi va iqtisodiy boshqaruv tizimi bilan bogʻliq:
- 2001–2013 yillarda Moliya vazirligi tizimida;
- 2013–2015 yillarda Namangan viloyati moliya boshqarmasida;
- 2015–2017 yillarda Fargʻona viloyati moliya boshqarmasida;
- 2017–2018 yillarda iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari;
- 2018–2019 yillarda Namangan viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari;
- 2019–2020 yillarda Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri;
- 2020 yilda iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.
U 2020 yil dekabrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlangan va agentlikni besh yildan ortiq boshqargan. Bu davr Oʻzbekistonda yirik davlat korxonalari, banklar va koʻchmas mulk obʼektlarini xususiylashtirish jarayonlari jadallashgan vaqtga toʻgʻri keladi.
Eslatib oʻtamiz, sudda koʻrilayotgan maʼlumotlar dastlabki tergovda qoʻyilgan ayblovlardir.









