12 178.850 so‘m

increase

49.840

14 053.180 so‘m

increase

84.200

146.540 so‘m

decrease

-1.450

12 178.850 so‘m

increase

49.840

6 soat avval
Bank
21

Click va Halyk Bank oʻrtasidagi 176 mln dollarlik bitim amalga oshmadi

Click va Halyk Bank oʻrtasida 176,4 mln dollarlik ulush xaridini nazarda tutuvchi bitim 2025 yil 31 dekabrda muddati tugab, yakunlanmadi. 

Oʻzbekistondagi regulyatorlar mazkur bitimni 7 oydan beri tasdiqlamay kelayotgan edi. 

Natijada 2025 yilda mamlakat startap ekotizimiga kiritilgan investitsiyalar hajmi qariyb 46 foizga kamaydi.

Click va Halyk Bank oʻrtasidagi 176 mln dollarlik bitim amalga oshmadi
Foto: AI/Pinkod.uz

Click toʻlov tashkiloti va Qozogʻistondagi eng yirik bank Halyk Bank oʻrtasidagi multimillion dollarlik bitim amalga oshmadi. Bu haqda Haly Bankʼning 2025 yil yakunlari uchun eʼlon qilingan axborotda maʼlum qilingan.

Unga koʻra, mazkur bitimning amal qilish muddati 2025 yil 31 dekabrda tugagan.

“2025 yil 31 dekabrda yakunlangan yil uchun konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot eʼlon qilingan sana holatiga koʻra, imzolangan tranzaksion hujjatlar muddati tugagan, bitim yakunlanmagan. Tomonlar hamkorlikning keyingi variantlari va shartlarini muhokama qilishda davom etmoqda”, — deyiladi hujjatda.

2025 yil iyul oyida Halyk Bank va Click oʻrtasida kelishuv imzolangan edi. Unga koʻra, Qozogʻiston banki Click’ning 49% ulushini 176,4 mln dollar evaziga sotib olishi, Click aksiyadorlari esa bankning shoʻba banki — Tenge Bank aksiyalarining 49% qismini 60,76 mln dollarga xarid qilishi rejalashtirilgan edi.

Bitimning choʻzilib ketishiga asosiy sabab regulyatorlar bilan bogʻliq jarayonlar. Xususan, Oʻzbekiston Markaziy banki bitimni tasdiqlashi uchun avval Raqobat qoʻmitasi roziligi talab etiladi. Amaldagi qonunchilikda bu jarayon uchun 2 oylik muddat belgilangan boʻlsa-da, amalda u qariyb 7 oydan beri davom etmoqda. Shu bilan birga, Qozogʻiston tomoni regulyatorlari bitimni allaqachon maʼqullagan.

Mazkur kelishuv Oʻzbekiston startap bozori uchun ham muhim ahamiyatga ega edi. 2025 yilda mamlakat startap ekotizimiga jami 329 mln dollar investitsiya kiritilgan boʻlsa, uning qariyb yarmi aynan shu bitim bilan bogʻliq ekani qayd etiladi.

Agar ushbu kelishuv yakuniga yetmasa, 2025 yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston startap ekotizimiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi qariyb 46 foizga kamayishi mumkin. Halyk Bank bayonotidan esa endi bu bitim amalga oshmasligini koʻrish mumkin. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+