11 965.510 so‘m

decrease

-46.790

13 437.270 so‘m

decrease

-29.720

145.960 so‘m

increase

0.630

11 965.510 so‘m

decrease

-46.790

4 soat avval
Texnologiya
51

ChatGPT’da suhbatlarni PIN-kod va biometrik himoya bilan qulflash imkoniyati paydo boʻldi

OpenAI ChatGPT foydalanuvchilari uchun alohida suhbatlarni toʻrt xonali PIN-kod yoki biometrik autentifikatsiya orqali himoyalash funksiyasini joriy qila boshladi. Qulflangan suhbatlar oddiy tarix va qidiruv natijalaridan yashiriladi, ularga faqat foydalanuvchi tasdiqlanganidan keyin kirish mumkin. Yangi imkoniyat bepul va pulli tariflarda bosqichma-bosqich taqdim etilmoqda.

ChatGPT’da suhbatlarni PIN-kod va biometrik himoya bilan qulflash imkoniyati paydo boʻldi

OpenAI 20 oktabr kuni ChatGPT’ga “Locked Chats” nomli yangi maxfiylik funksiyasi qoʻshilganini eʼlon qildi.

Yangi funksiya foydalanuvchilarga shaxsiy, moliyaviy yoki ishga oid maʼlumotlar saqlangan suhbatlarni boshqalardan yashirish imkonini beradi. Bunda ChatGPT hisobining barcha suhbatlarini emas, faqat tanlanganlarini qulflash mumkin.

Suhbatni qulflash uchun uning qoʻshimcha imkoniyatlar menyusidan “Lock chat” bandini tanlash kerak. Funksiyadan birinchi marta foydalanilganda toʻrt xonali PIN-kod yaratiladi.

Shundan soʻng suhbat odatiy tarixdan chiqarilib, “Projects” boʻlimidagi “Locked chats” papkasiga koʻchiriladi. Qulflangan suhbatlar umumiy qidiruv natijalarida va mahkamlangan chatlar roʻyxatida ham koʻrinmaydi.

Ularni qayta ochish uchun PIN-kodni kiritish talab etiladi. iPhone foydalanuvchilari Face ID yoki Touch ID’dan, Android foydalanuvchilari esa qurilmasida mavjud qulfdan chiqarish usulidan foydalanishi mumkin.

Yangi funksiya suhbatlarni butunlay oʻchirib tashlamaydi. Foydalanuvchi istalgan vaqtda himoyalangan boʻlimga kirib, avvalgi yozishmalarini davom ettirishi mumkin.

Qulflangan suhbatlarda xotira qanday ishlaydi?

OpenAI’ga koʻra, “Locked Chats” boʻlimi oddiy suhbatlardan alohida xotiraga ega. Ushbu boʻlimda yozilgan yangi maʼlumotlar oddiy suhbatlarning xotirasini yangilamaydi.

Biroq suhbat qulflanishidan avval ChatGPT xotirasida saqlangan maʼlumotlar avtomatik ravishda oʻchirilmaydi.

Kompaniya yangi funksiya suhbatlarni uchidan uchigacha shifrlashni (end-to-end encryption) taʼminlamasligini ham taʼkidlagan. Shuningdek, u yozishmalarning serverlarda saqlanish muddati yoki maʼlumotlardan AI modellarini takomillashtirish uchun foydalanish sozlamalarini oʻzgartirmaydi.

Yana bir muhim jihat — foydalanuvchi PIN-kodini unutib, uni qayta tiklasa, avvalgi kod bilan himoyalangan barcha suhbatlar va ularga tegishli fayllar butunlay oʻchiriladi. OpenAI ularni qayta tiklash imkoniyati mavjud emasligini bildirgan.

Yangi funksiya ChatGPT’ning Free, Go, Plus, Pro, Business, Enterprise va Edu tariflarida mavjud boʻlishi belgilangan. U veb-versiya, Android, iOS hamda kompyuter ilovalarida bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.

Shu sababli “Lock chat” funksiyasi hozircha barcha foydalanuvchilarda koʻrinmasligi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+