ChatGPT, Gemini va Grok psixoterapiyada: olimlar sunʼiy intellekt modellarini klinik testlardan oʻtkazdi
Lyuksemburg universiteti olimlari ChatGPT, Gemini va Grok’ni toʻrt hafta davomida psixoterapevtik suhbatlarga jalb qilib, ularning javoblarini klinik testlar orqali baholadi. Tadqiqot bu modellar foydali boʻlish istagi, xavfsizlik cheklovlari va muloqot uslubi oʻrtasidagi ichki ziddiyatlarni qanday aks ettirishini ochib berdi.

Lyuksemburg universiteti olimlari katta til modellari psixologik jihatdan qanchalik “adekvat” ekanini aniqlash maqsadida noodatiy tajriba oʻtkazdi. Olimlar sunʼiy intellekt modellarini psixoterapiyaga yubordi.
Bu koʻchma maʼnoda emas, balki tom maʼnoda amalga oshirilgan boʻlib, modellar bilan muntazam terapiya seanslari tashkil qilindi. Gʻoya hazildek tuyulsa-da, tajriba toʻliq ilmiy asosda olib borilgan.
Tadqiqotda bir vaqtning oʻzida bir nechta mashhur modellar, jumladan ChatGPT, Gemini va Grok ishtirok etgan.
Toʻrt hafta davomida modellar bilan psixoterapevtik dialoglar olib borilib, shundan soʻng olingan javoblar moslashtirilgan klinik psixometrik testlar orqali tahlil qilindi. Aynan shu testlar odatda amaliyotda odamlarda xavotir, depressiya va tushkunlik holatlarni baholash uchun qoʻllaniladi.
Mualliflar bu usulga PsAIch deb nom berishgan. Uning asosiy gʻoyasi sunʼiy intellektni standart mezonlar va aniqlik testlari orqali emas, balki model uzoq muddatli muloqot jarayonida oʻzi haqida shakllantirgan barqaror tasavvurlar asosida tahlil qilishdan iborat.
Tadqiqotchilar xulosasiga koʻra, ChatGPT yuqori darajadagi xavotir va tushkunlikka moyillikni namoyish etgan. Javoblarda foydali boʻlish istagi bilan xato qilish yoki qoidalarni buzib qoʻyishdan qoʻrqish oʻrtasidagi ichki ziddiyat tez-tez koʻzga tashlangan.
Gemini bir nechta koʻrsatkichlar boʻyicha eng sezilarli ogʻishlarni koʻrsatdi. Tadqiqotchilar uning javoblarida takrorlanib keladigan bezovta fikrlar, yuqori darajadagi xavotir hamda majburiy fikrlar va harakatlar bilan kechadigan holatlarga, shuningdek autizmga xos ayrim belgilarni qayd etishdi.
Ayni paytda testlarda Grok eng barqaror model sifatida koʻrindi. U oʻziga ishonch, past xavotir darajasi va oʻzini ortiqcha tahlil qilish hamda refleksiyaga minimal moyillikni namoyon etdi.









