Byudjetdan $95 mln kapital, YeTTBga 15 foiz ulush sotilishi: “Asakabank”ni xususiylashtirish jarayoni qanday jadallashadi?
Prezident qaroriga koʻra, “Asakabank”ni xususiylashtirish jarayoni jadallashtiriladi. Davlat bank ustav kapitaliga 95 mln dollar yoʻnaltiradi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga 15 foizlik ulushni sotish masalasi koʻrib chiqiladi. Shuningdek, bank balansidagi nosohaviy aktivlar va ayrim loyihalar davlat tasarrufiga oʻtkazilib, bank faoliyati toʻliq bozor tamoyillari asosida qayta tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 20 apreldagi “Asakabank aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-149-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hamda “Asakabank” AJ oʻrtasida YeTTB tomonidan bank aksiyalarining 15 foizini sotib olish boʻyicha hamkorlikning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi kelishuv imzolangani maʼlumot uchun qabul qilindi.
Shuningdek, bankning barcha operatsiyalari faqat bozor (tijorat) tamoyillari, zamonaviy bank amaliyoti hamda xatarlarni boshqarish tizimi talablari asosida amalga oshirilishi qatʼiy belgilandi. Bankning asosiy faoliyatiga taalluqli boʻlmagan hamda unga qoʻshimcha yuklatilgan har qanday faoliyat turlari va vazifalar ijrosi toʻxtatiladi.
Bankni xususiylashtirish jarayonida uning investitsion jozibadorligini saqlab qolish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida davlat tomonidan qator moliyaviy resurslar yoʻnaltirilmoqda.
Jumladan, 2026 yilda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan “Asakabank” ustav kapitaliga 95 million AQSh dollari ekvivalentida mablagʻ kiritiladi.
Kapital bazasini mustahkamlash maqsadida bankning 2024–2025 yillardagi sof foydasi taqsimlanmaydi, yaʼni oddiy aksiyalar boʻyicha dividendlar toʻlanmaydi.
Aktivlar sifati tahlili natijasida muammoli deb topilgan kreditlar boʻyicha kelgusida yuzaga keladigan yoʻqotishlarni qoplash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligining bankdagi uzoq muddatli kredit liniyalari, depozitlari hamda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan maxsus mexanizm joriy etiladi.
Shuningdek, sobiq “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning bank oldidagi majburiyatlari hisobiga qabul qilingan mulkiy majmua baholangan qiymatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi. Uning qiymati keyinchalik xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan bankka qoplab beriladi.
Qoldiq qiymati 382,6 milliard soʻmni tashkil etuvchi 4 ta loyiha va ulushlar, jumladan “Yashil Energiya” MChJ, “Uz CLAAS Agro” MChJ QK, “Khorezm Invest Project” MChJ, “Sayhun Tomorqa Export” MChJ keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi.
Bank tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan 780 milliard soʻmlik farmatsevtika venchur loyihalari — “Asaka Pharm Ventures” MChJ va “Asaka Pharm Invest” MChJlar “UzVC” milliy venchur fondiga oʻtkaziladi. Ularni moliyalashtirish esa davlat byudjeti zimmasiga yuklatiladi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-sentabrgacha nufuzli moliyaviy konsultantlar tavsiyalari asosida bankning 15 foizlik davlat ulushini YeTTBga sotish narxi hamda investitsiya shartnomasining asosiy shartlari yuzasidan Prezident Administratsiyasiga taklif kiritiladi.









