BYD 2025 yilda elektromobil savdosida Tesla’ni ortda qoldirdi
2025 yil yakunlariga koʻra, Xitoyning BYD kompaniyasi 2,25 milliondan ortiq elektromobil sotib, ilk bor Tesla’ni ortda qoldirdi. Tesla esa savdolarining qariyb 9 foizga kamayishi ortidan yilni 1,64 million dona avtomobil bilan yakunladi.

Xitoyning BYD kompaniyasi elektromobillar (EV) savdosi boʻyicha Ilon Maskning Tesla kompaniyasini ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik sotuvchiga aylandi. Bu Xitoy kompaniyasining yillik savdoda amerikalik raqibini ortda qoldirgan birinchi holatdir.
Tesla juma kuni maʼlum qilishicha, 2025 yilda kompaniya avtomobil savdosi qariyb 9 foizga kamayib, dunyo boʻyicha 1,64 million dona avtomobil sotilgan. Bu Tesla uchun ketma-ket ikkinchi yil yetkazib berishlar pasayganini anglatadi.
Bu koʻrsatkichlar Tesla’ni BYD’dan ortda qoldirdi. BYD payshanba kuni eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, kompaniyaning batareyada ishlovchi elektromobillar savdosi qariyb 28 foizga oshib, oʻtgan yili 2,25 million donadan oshgan.
2025 yilning oxirgi uch oyida Tesla avtomobil savdosi 16 foizga pasaydi. Bunga qisman elektromobil, plagin-gibrid yoki vodorod yoqilgʻisida ishlovchi avtomobillar narxini 7 500 dollargacha arzonlashtirib kelgan davlat subsidiyasining bekor qilinishi sabab boʻldi.
Geely, MG va hozirda Xitoyning eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi boʻlgan BYD kabi kompaniyalar oʻz avtomobillarini anʼanaviy Gʻarb brendlaridan arzonroq narxlarda taklif qilib, Gʻarb kompaniyalariga bosim oʻtkazmoqda.
Bunga javoban Tesla oktabr oyida AQSh bozorida oʻzining eng koʻp sotiladigan ikki modeli uchun arzonroq versiyalarni taqdim etdi.
Dunyodagi eng boy insonlardan biri boʻlgan Ilon Mask oldidagi vazifa keyingi oʻn yil ichida Tesla’ning savdosi va fond bozoridagi qiymatini keskin oshirishdir. Aksiyadorlar tomonidan noyabr oyida maʼqullangan kelishuvga koʻra, Mask 1 trillion dollargacha boʻlgan rekord darajadagi mukofot paketini qoʻlga kiritishi mumkin.
Kelishuv doirasida Mask keyingi oʻn yil ichida bir millionta gumanoid robot sotishi ham kerak. Tesla bu borada oʻzining Optimus roboti va avtonom “Robotaksi” texnologiyalariga katta sarmoya kiritmoqda.
BBC oʻz xabarida yozishicha tahlilchilar Tesla’ning 2026 yilda robotaksi va oʻz-oʻzini boshqarish tizimlarini joriy qilishi kompaniyaning umumiy natijalari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlishini kutmoqda. Aynan shu umidlar Tesla’ning aksiyalarini rekord darajaga olib chiqdi.









